Tokio bokschilik jamoasi chuqur qayg‘uda. Korakuen Hall arenasida bo‘lib o‘tgan janglar kartasida ishtirok etgan 28 yoshli Hiromasa Urakawa sakkizinchi raundda Yoji Saitoga nokaut bo‘lgach, og‘ir miya jarohati bilan shifoxonaga yotqizilgan. Bu haqda The Sun nashri xabar bergan.
U zudlik bilan operatsiya qilingan, ammo bir hafta davomida hushiga kelmay, 9-avgust kuni vafot etgan.
Bu fojia, atigi bir kun oldin hayotdan ko‘z yumgan boshqa yapon bokschisi — 28 yoshli Shigetoshi Kotarining o‘limidan so‘ng yuz berdi. Kotari avgustdagi Yamato Hata bilan 12 raundlik jangdan keyin hushidan ketgan va 8-avgust kuni miyada qon ketishi oqibatida vafot etgandi.
Yaponiya Bokschilik Komissiyasi ma’lum qilishicha, ikkala sportchi ham jang tugagan zahoti shifokorlar nazoratiga olingan va shoshilinch tarzda shifoxonaga olib ketilgan. Biroq barcha tibbiy choralarga qaramay, ularning hayotini saqlab qolish imkoni bo‘lmagan.
Boks olamida bunday qisqa vaqt ichida ikki sportchining o‘limi juda kam uchraydi. Bu voqealar yapon sport jamoatchiligini larzaga soldi va xavfsizlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha yangi muhokamalarga sabab bo‘ldi. Sportchilarni himoya qilish maqsadida, ayrim promouterlar va tashkilotlar raundlar sonini qisqartirish taklifini ilgari surmoqda.


