Dunyodagi eng ingichka elektron qurilma yaratildi
Tel-Avivdagi universitet tadqiqotchilari dunyodagi eng mitti elektron qurilmani yaratdi.


Ular bor va azot qatlamlaridan elektron maʼlumotlarni saqlashga qodir yupqa ikki o‘lchamli plyonkani ixtiro qilgan, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.
Oddiy elektron qurilmalarda millionlab atomlardan tarkib topgan mitti kristallardan foydalaniladi. Ikkita atom qalinligicha keladigan natijaga erishish uchun olimlar elektronlarni kvant-mexanik tunnellashtirishdan foydalangan. Ushbu texnologiya maʼlumotni materialning yupqa qavati orqali tashish imkonini beradi.
«Miniatyurizatsiya zamonaviy elektron qurilmalarni yaxshilashga xizmat qilishiga umid qilamiz va bu kelajak gadjetlarida maʼlumotlarni boshqa original usullarda boshqarishga imkon beradi», — deya taʼkidlaydi mutaxassislar.
Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, yangi texnologiya nafaqat yangi kompyuter devayslarining paydo bo‘lishiga, balki detektorlar, energiyani to‘plash va qayta ishlash, shuningdek, yorug‘lik bilan o‘zaro taʼsirlashuvchi qurilmalarning yaratilishiga xizmat qiladi.







