OTMlar milliy reytingi: davlat oliygohlarini rag‘batlantirish tartibi belgilandi
Reyting natijalari e’lon qilinganidan keyin 15 ish kuni ichida rag‘batlantirish mablag‘lari davlat oliy ta’lim tashkilotiga o‘tkaziladi.

Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi. Bu haqda “Huquqiy axborot” Telegram-kanalida xabar berildi.
Adliya vazirligi Oliy ta’lim tashkilotlarining milliy reytingini yuritish to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi hujjatni 2026-yil 21-noyabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, Prezidentning “Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar tizimini takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 10- apreldagi PF–58-son Farmonida davlat oliy ta’lim tashkilotlarini rag‘batlantirish nazarda tutilgan.
Mazkur idoraviy hujjat bilan quyidagi o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda:
- Davlat oliy ta’lim tashkilotlarini milliy reyting natijalari asosida rag‘batlantirish tartibi belgilanmoqda. Bunda, Ta’lim va ilm-fan vazirligi rag‘batlantirish mablag‘larini milliy reyting natijalari e’lon qilingandan boshlab 15 ish kuni ichida tegishli davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘tkazadi;
- Oliy ta’lim tashkiloti tomonidan maxsus platformaga hisobot yili bo‘yicha ma’lumotlarni kiritish muddati 1 fevraldan 1 iyunga uzaytirilmoqda;
- “Bitiruvchi sifati indeksi”ni hisoblash metodikasi bo‘yicha idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi sababli milliy reytingni yuritishda bitiruvchilar bandligi bog‘liq ayrim indikatorlar “Bitiruvchi sifati indeksi” natijalari bilan almashtirilmoqda;
- Oliy ta’lim tashkilotining xalqaro darajadagi obro‘sini aniqlashda xorijiy hamkor hisoblangan oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlardan jami 200 nafargacha xodim jalb etilishi mumkinligi belgilanmoqda.








