Elektr energiyasi to‘lovi: gazsiz hududlar uchun oylik bazaviy me’yor oshirildi
Yangi me’yordan foydalanish uchun fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

Gazlashtirilmagan hududlarda noyabr oyi uchun elektr energiyasi to‘lovlari 350 kVt·soatlik bazaviy me’yor asosida hisoblanadi. Bu haqda Energetika vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 31-oktyabrdagi 601-son qaroriga muvofiq, isitish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hamda gaz yetkazib berish imkoniyati cheklangan hududlardagi aholi xonadonlari uchun elektr energiyasining oylik bazaviy me’yori 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, belgilangan ro‘yxatga kiritilgan xonadonlar isitish mavsumida oyiga 350 kVt·soatgacha elektr energiyasidan 1 kVt·soat uchun 650 so‘mlik bazaviy tarif asosida foydalanadi.
Hozirda “Hududgazta’minot” AJ shakllantirgan hududlar ro‘yxati mahalliy hokimliklar tomonidan o‘rganilib, tasdiqlanmoqda. Tasdiqlangan ro‘yxatlar “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga yuborilib, tegishli ma’lumotlar billing tizimiga kiritilmoqda. Bu jarayonni 25-noyabrgacha yakunlash belgilangan.
Yangi me’yordan foydalanish uchun fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi. Tegishli ro‘yxatga kiritilgan xonadonlarga imtiyoz avtomatik ravishda qo‘llanadi.
Shuningdek, tartib 1-noyabrdan amal qilayotgani sababli, ro‘yxatga kiritilgan xonadonlarning noyabr oyida iste’mol qilgan elektr energiyasi uchun yakuniy to‘lovlari 350 kVt·soatlik bazaviy me’yor asosida hisoblanadi. Ya’ni noyabr oyi uchun hisob-kitoblarda yangi me’yor to‘liq inobatga olinadi.
Masalan, xonadon noyabr oyida 300 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qilsa, avvalgi 200 kVt·soatlik me’yor bo‘yicha to‘lov 220 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lar edi. Yangi me’yor asosida esa 195 ming so‘m hisoblanadi. Ya’ni xonadon 25 ming so‘m kam to‘laydi.
“Mazkur tartibni amaliyotga joriy etish, hududlar va xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish, ma’lumotlarni billing tizimiga kiritish hamda to‘lovlarni yangi me’yor asosida hisoblash bilan bog‘liq barcha zarur ishlar Energetika vazirligi, “Hududgazta’minot” va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda mahalliy hokimliklar tomonidan iste’molchilarni ortiqcha ovoragarchilikka solmagan holda amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.








