Jahon

O‘yin sanoatida rekord: GTA VI ilk kunidayoq qariyb 4 milliard dollar daromad keltirdi

Bu ko‘rsatkich 2013-yilda chiqarilgan GTA V’ning dastlabki uch kunlik 1 milliard dollarlik natijasidan qariyb to‘rt baravar yuqori.

O‘yin sanoatida rekord: GTA VI ilk kunidayoq qariyb 4 milliard dollar daromad keltirdi

Grand Theft Auto VI (GTA VI) videoo‘yini sotuvga chiqarilgan ilk kunidayoq 3,79 milliard dollar daromad keltirdi. Bu ko‘rsatkich o‘yinlar sanoatida rekord bo‘ldi. Bu haqda o‘yinni tarqatuvchi Take-Two Interactive Software kompaniyasiga tayanib Bloomberg xabar berdi.

 

Take-Two ma’lumotlariga ko‘ra, GTA VI uchun qariyb 32,5 millionta oldindan buyurtma rasmiylashtirilgan. Bu ham rekord ko‘rsatkich hisoblanadi.

 

Taqqoslash uchun, seriyaning avvalgi qismi — GTA V 2013-yilda sotuvga chiqarilganidan keyingi dastlabki uch kun ichida 1 milliard dollar daromad keltirgan. O‘shanda u eng tez sotilgan ko‘ngilochar mahsulotga aylangan va Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan.

 

Business Insider nashrining yozishicha, yangi o‘yinning yuqori daromadida uning narxi ham muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin. GTA VI’ning standart versiyasi 80 dollar, Ultimate Edition versiyasi esa 100 dollar turadi. GTA V’ning tegishli versiyalari esa 60 va 80 dollardan sotilgan.

 

Newzoo tahliliy kompaniyasi yozda GTA VI’ning dastlabki bir haftadagi global savdosi 3,3–5,2 milliard dollarga yetishini prognoz qilgan edi.

 

O‘yin hozircha PlayStation 5, Xbox Series X va Xbox Series S konsollari uchun chiqarilgan. Rockstar Games kompyuterlar uchun versiyaning chiqish sanasini hozircha e’lon qilmagan. Uning kompyuter versiyasi ham xaridorlar qiziqishini oshirishi kutilmoqda.