Google Android-dasturlar formatini o‘zgartiradi
Google kompaniyasi amaldagi APK android dasturi formatini yangi — AAB‘ga o‘zgartirishini eʼlon qildi.


Android App bundle rasman 2018 yildan taqdim etilgan edi. Bu haqda kompaniya blogiga tayanib “Korrespondent.net” xabar berdi.
2021 yilning avgustidan boshlab Play Market raqamli do‘koniga yuklanadigan barcha dasturlar AAB formatida bo‘ladi. Bu dasturlarni turli gadjetlar uchun optimallashtirish imkonini beradi.
Dasturchilarning taʼkidlashicha, AAB formatidagi istalgan dasturni foydalanuvchi qurilmasiga yuklash vaqtida aynan ushbu gadjet modeliga mo‘ljallangan fayl yuklanadi. Shu orqali dastur oldingidan ko‘ra 15 foiz kamroq joy egallaydi.
Shuningdek, Google‘dagilarning maʼlum qilishicha, hozirda bir milliondan ortiq dasturlarda yangi AAB formatidan foydalanilgan. Jumladan, ular orasida Twitter, Netflix, Gameloft, Adobe va Duolingo ham bor.
Bundan tashqari, avgustdan boshlab katta OBB fayllar kengaytmalari Play Asset yoki Feature Delivery‘ga almashtiriladi.







