Olimlar kartoshka gipertoniya xavfini kamaytirishini aniqladi
AQSHdagi Perdyu universiteti olimlari qaynatilgan yoki pishirilgan kartoshka arterial bosimni pasaytirishiga va gipertoniyaning oldini olishga yordam berishini aniqladi.


Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida eʼlon qilingan, deb xabar beradi “Korrespondent.net”.
Maʼlumki, kartoshka — G‘arb davlatlari aholisi ratsionidagi asosiy kaliy manbai hisoblanadi. Mutaxassislar kaliy qo‘shimchasining qon bosimi va boshqa yurak-qon tomir kasalliklari xavfiga taʼsirini o‘rgangan.
Tadqiqotda gipertoniya yoki predgipertenziya tashxisi qo‘yilgan 30 nafar erkak va ayol qatnashgan. Natijalarning ko‘rsatishicha, pishirilgan yoki qaynatilgan kartoshka isteʼmol qilish sistolik qon bosimining odatdagi Amerika parhezi (kartoshka qo‘shmasdan) bilan oziqlanadigan nazorat guruhiga nisbatan yaxshiroq pasayishiga olib keladi.
Shuningdek, tadqiqot davomida kartoshka frining yurak-qon tomir tizimiga salbiy taʼsiri borasidagi mashhur fikrlarni yo‘qqa chiqarishga muvaffaq bo‘lingan. Maʼlum bo‘lishicha, tarkibida 330 kaloriya bor ushbu mahsulotni har kuni isteʼmol qilish qon tomirlariga salbiy taʼsir ko‘rsatmaydi.
Kartoshkaning ijobiy taʼsiri u organizmda natriy yetishmovchiligini kamaytirishi bilan bog‘liq. Tadqiqot mualliflarining taʼkidlashicha, mazkur poliz mahsuloti ozuqa moddalari, ozuqa tolalari va kaliy yetishmasligini to‘ldirishga yordam beradi.
O‘rtacha kattalikdagi bir dona kartoshkani isteʼmol qilish katta yoshdagi insonning kaliyga bo‘lgan sutkalik talabini taxminan 10 foizga qondiradi.
Olimlarning qayd etishicha, ularning bu kabi xulosasi cheklangan maʼlumotlarga asoslangan va boshlang‘ich xarakterga ega. Ularning fikricha, kartoshkaning foydali xususiyatlari va uni tayyorlash usuli orasidagi bog‘liqni aniqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar zarur.







