Prezident grantiga kimlar munosib?
2021/2022 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar abiuturiyent uchun prezident granti joriy etildi.


Grant sohiblari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. O‘qish davomida grantni olish uchun barcha fanlardan “aʼlo” baho olish kerak bo‘ladi. O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini olganlar magistraturaga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.
Kirish imtihonlarida eng yuqori bal to‘plagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy qilinadi.
Bu haqda “Respublika oliy taʼlim muassasalariga talabalikka qabul qilingan iqtidorli yoshlarni yana-da qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida keltirilgan.
Prezident granti uchun ajratilgan kvotaning taʼlim sohalari bo‘yicha taqsimoti har yili taʼlim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
Muayyan taʼlim sohasi uchun ajratilgan Prezident granti kvotasi bo‘yicha so‘nggi o‘rindagi abituriyent va u bilan bir xil ball to‘plagan barcha fuqarolar Prezident grantiga daʼvogar bo‘ladi.
OTMga o‘qishga kirishda qo‘shimcha ball shaklida imtiyoz beriladigan toifadagi abituriyentlarning kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra to‘plagan baliga qo‘shib berilgan ballar Prezident grantiga daʼvogarlarni aniqlashda hisobga olinmaydi.

Prezident grantiga daʼvogar abituriyentlar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Prezident granti sovrindorlari birinchi kursda barcha fanlarni “aʼlo” baholarga o‘qigan, maʼnaviy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida yutuqlarga erishgan mazkur grantga daʼvogar talabalar orasidan tanlov asosida aniqlanadi.
Tanlov natijalariga ko‘ra g‘olib bo‘lgan talabalarga Prezident davlat stipendiyasi tayinlanadi.
Bunda talabaga Prezident granti uchun belgilangan stipendiya ikkinchi kursning o‘quv yili boshidan oyma-oy to‘lanadi va shu munosabat bilan unga umumiy shartlarda belgilanadigan stipendiya tayinlanmaydi.
O‘quv semestri yakuniga ko‘ra kamida bitta fandan o‘zlashtirish ko‘rsatkichi “aʼlo” baho bo‘lmaganda, Prezident granti sohiblariga kelgusi o‘quv semestri mobaynida umumiy tartibda belgilanadigan stipendiya tayinlanadi.
Navbatdagi o‘quv semestri yakuniga ko‘ra barcha fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish ko‘rsatkichi faqat “aʼlo” baho bo‘lganda, Prezident granti uchun belgilangan stipendiya qayta tayinlanadi.
O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini uzluksiz olgan talabalar bakalavriat taʼlim yo‘nalishiga mos va turdosh mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz qo‘shimcha davlat granti asosida talabalikka qabul qilinadi.
Kecha Respublika bo‘yicha 2 nafar abituriyent eng maksimal — 189 ball olishga muvaffaq bo‘ldi.







