Sherzod Shermatov: "Men onlayn taʼlimga qarshiman"
Xalq taʼlimi vazirligi yangi 2021-2022 o‘quv yilida maktablarda dars jarayoni gibrid shaklda davom ettirilishiga tayyorgarlik ko‘rayotganini maʼlum qilgan edi.


— Men onlayn taʼlimga qarshiman. Biz anʼanaviy darslar tarafdorimiz. Gibrid degani hamma o‘zboshimchalik bilan ish tutadi, maktabga xohlasa boradi, xohlasa bormaydi degani emas. Mahalliy kengashlar maktablarni vaqtinchalik yopsa, o‘quvchilar 3-10 kun onlayn, keyin yana anʼanaviy shaklda o‘qiydi.
To‘g‘ri, oldin biz erkinlik qildik, ota-ota o‘zi tanlasin dedik, lekin ikkinchi tomondan bolalar orasida jinoyatchilik soni oshib ketdi, tarbiyasizlik ko‘payib ketdi. Onlayn o‘qiyapman deb, qashqadaryolik bola Toshkentda bozorda yuribdi. Buni bizga nima keragi bor?!
Shu fursatdan foydalanib ota-onalarga maktab taʼlimi majburiyligini, ota-onaning bolani maktabga borishini taʼminlab berishiga majburligini, aks holda javobgarlik borligini eslatib o‘tish kerak. Onlayn degan narsa bahona bo‘lib qolishi kerak emas. Biz tartibni yana-da kuchaytiramiz va imkon boricha hamma maktablarni anʼanaviy qilish harakatidamiz.
Albatta, pandemiya kuchayib ketsa, respublika komissiyasi qattiqroq qaror qiladigan bo‘lsa, majbur bo‘lamiz onlayn darsga o‘tishga, – deydi vazir.
Vazirning maʼlum qilishicha, vazirlik tomonidan ota-onalar o‘rtasida so‘rovnomalar qilinmoqda. Ularning ham fikri o‘rganiladi.
— Lekin, mening shaxsiy fikrim – hech qanaqa rivojlangan texnologiya haqiqiy maktabning o‘rnini bosmaydi. Maktab bolaga nafaqat bilim beradi, uni hayotga tayyorlaydi, unda ijtimoiy ko‘nikmalarni shakllantiradi.
Uch yildan beri kollejdan maktablarga o‘tilgan paytda jinoyatchilik soni kamayib kelayotgan edi. Lekin, afsus, onlayn taʼlim vaqtida bolalar o‘rtasida jinoyatchilik soni oshib ketdi.
Ota-onalar bolani o‘qishiga halaqit qilsa, bolaga maktabga bormaysan deb qarshilik qiladigan bo‘lsa, biz majbur bo‘lamiz chora ko‘rishga, – deydi vazir.







