Akademik litseylarga kirish imtihon kuni aniq bo‘ldi
2021-2022 o‘quv yili uchun Akademik litseylarga kirish test sinovlari 2021 yil 30 avgust kuni 2 smenada o‘tkaziladi.


Bunda test sinovlari:
1️⃣-smenada 08:00 dan 09:40 ga qadar;
2️⃣-smenada 18:00 dan 19:40 ga qadar bo‘lib o‘tadi.
Test sinovlari taʼlim yo‘nalishiga mos 2 ta fan va intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo‘yicha o‘tkaziladi.
Bunda talabgorlarga har bir fandan 20 tadan jami 60 ta test topshirig‘i va ularni bajarish uchun javoblar varaqasini to‘ldirish bilan birga 1 soatu 40 daqiqa vaqt ajratiladi.
Test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 146 ball bo‘lib, taʼlim yo‘nalishiga mos fanlar bo‘yicha har bir to‘g‘ri javob uchun 3,1 balldan (jami 124 ball), intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlash bo‘yicha esa 1,1 balldan (jami 22 ball) beriladi.
Davlat test markazining rasmiy veb-saytiga o‘quvchilarning intellektual qobiliyat darajasi (IQ) ni aniqlashda foydalaniladigan test spetsifikatsiyasi va namunaviy test topshiriqlari joylashtirilgan bo‘lib, talabgorlar sahifasi orqali ular bilan tanishishi mumkin.
Talabgorlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani 29 avgust kuni 09:00 dan boshlab Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining litsey.edu.uz saytidan va Akademik litseylardan olishlari mumkin bo‘ladi.
Talabgorlardan test sinovi o‘tkaziladigan hududga belgilangan vaqtdan kamida 1 soat oldin shaxsini tasdiqlovchi hujjat va test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnoma bilan kelishlari so‘raladi.







