1-kursga qabul qilingan talabalar uchun tanishtiruv haftaligi 6-sentyabrdan boshlanadi
1-kursga qabul qilingan talabalar uchun tanishtiruv haftaligi 6-sentyabrdan boshlanadi.


2021/22 o‘quv yilida talabalikka tavsiya etilganlar (1-bosqich talabalari) uchun OTMda 6 sentyabrdan dastlabki tanishtiruv haftaligi (xususan, mustaqillik darslari), 13 sentyabrdan eʼtiboran o‘quv rejaga muvofiq dars mashg‘ulotlari boshlanadi.
Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Vazirlikning qayd etishicha, yangi o‘quv yilidan boshlab barcha oliy taʼlim muassasalarining 1 kurs talabalari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi orqali tashkil etiladi.
Tanishtiruv haftaligida talabalar kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, o‘quv jarayoniga tatbiq etilish tartibi, OTMning ichki tartib-qoidalari va shu kabi zaruriy axborotlar bilan tanishtiriladi.
Shu bilan birga, tanishtiruv haftaligini tashkil etishda doimiy yashash manzilidan, xususan, respublikaning boshqa hududlarida bo‘lgan talabalarning OTMga yetib kelishi, turar joylariga joylashishi uchun vaqt ajratilishi inobatga olinadi.
Yuqori kurs (1-kursdan tashqari) talabalari uchun esa dars mashg‘ulotlari umumiy tartibda 6 sentyabrdan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yangi o‘quv yili anʼanaviy oflayn tarzida boshlanishi hamda Turkmanistonda o‘quv yili oktyabr oyidan boshlanishi haqida xabar berilgandi.







