Qashqadaryoda deputatlarning ruxsatisiz 10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ ishlatib yuborilgani maʼlum bo‘ldi
Senatning 19-yalpi majlisida Tanzila Norboyeva muhtoj oilalarga uy sotib olish uchun ajratiladigan subsidiyalarning 19 millard so‘mi odamlarga berilmagani haqida to‘xtalib o‘tdi. Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov masalaga oydinlik kiritdi.

– Mahalliy byudjetlarda shakllangan qo‘shimcha manbalardan foydalanishda qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Ushbu mablag‘larni ishlatishda mahalliy Kengashlar hal qiluvchi vazifani bajaradi. Biroq ular bunga talab darajasida qaramayapti. Birgina Qashqadaryo viloyatining G‘uzor, Mirishkor, Kasbi, Chiroqchi tumanlari va Qarshi shahrida mahalliy Kengashlarda muhokama qilinmasdan, deputatlarning ruxsatisiz 10 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ishlatib yuborilgan.
Umuman, bunday holatlarni boshqa hududlar misolida ham keltirish mumkin. Mahalliy Kengashlar qonun bilan o‘zlariga berilgan vakolatlarni chuqur anglab, amalda samarali foydalangan holda talabchanlik oshirmas ekanlar bu kabi muammolar kamaymaydi. Shu jihatdan, mahalliy Kengashlar vakillari, ayniqsa, byudjet bo‘yicha doimiy komissiya aʼzolari, shu jumladan, kotibiyatlar bu borada masʼuliyatni oshirishlari lozim.
“Joylarda birinchi masala asosan rejalashtirilgan uy-joy massivlari qurilishida kechikishlar borligidir, buni tan olishimiz kerak. Iyul-avgust oylari davomida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri birinchi o‘rinbosari bilan viloyatlarda bo‘lib keldik, joylarda haqiqatan subsidiya ajratishda muammo bor. Asosiy muammo uy-joy qurishda kechikishlar bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi masala uy-joy olish uchun kriteriyalarga mos kelmaslik holatlari mavjudligi.
Biz ipoteka bozorini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqqanimizda maʼlum bir to‘lov qobiliyatiga ega oilalarni va daromadi past fuqarolarni uyning boshlang‘ich badaliga foizni to‘lab berishni nazarda tutgandik. Lekin joylarda asosiy ko‘tarilayotgan masalalardan biri bu oilalar butun mablag‘ni to‘lab berish masalasini qo‘yayotganidir. Buni alohida o‘rganib chiqyapmiz, taklif beramiz”, — dedi Moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov.
Avvalroq O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva o‘zining telegram sahifasi orqali Gender tenglikni taʼminlash strategiyasida xotin-qizlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, ularning innovatsion g‘oyalarini, ixtirochilik, ratsionalizatorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratgandi. Shuningdek, 2022-yilda O‘zbekistonda jahon parlamentlarining ayol rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tishi hamda Turkmanistonda Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining forumi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.







