Tayvanda 13 qavatli bino yonib ketdi
Tayvan janubidagi Gaosyun shahrida 13 qavatli bino yonib ketishi oqibatida 25 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda AR agentligi shahar o‘t o‘chirish departamentiga tayanib xabar qilmoqda.

11 odam jasadi voqea joyidan olib ketilgan. Yana 55 kishi shifoxonaga yotqizilgan. Ularning 14 nafarida hayot alomatlari topilmagan. Ammo ularning vafoti statsionardagi shifokorlar rasman tasdiqlaganidan so‘ng qayd etiladi.
Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, yong‘in mahalliy vaqt bilan 3:00 da boshlangan. Guvohlar bu paytda portlash ovozi eshitilganini aytgan.
Alanga sababi aniqlanmagan. Ammo o‘t o‘chruvchilar kuchli alanga narsalar saqlangan ombordan kelib chiqqanini aytmoqda. Yong‘in kuchli bo‘lib, binoning bir necha qavatini vayron qilgan. Uyning quyi qavatlari butunlay qorayib ketgan.
Maʼlumot uchun, yonib ketgan bino 40 yil oldin qurilgan.
Avvalroq Dubayda neft tankeri portlagani, Gretsiyada 154 ta alanga o‘chog‘i qayd etilgani, Iroqda shifoxonada yong‘in chiqishi oqibatida 54 kishi halok bo‘lgani hamda Karachi shahrida kimyoviy zavodda yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Sharofat Mahmudova







