Toyota ilk bor quyosh paneliga ega bo‘lgan “BZ4X” elektromobilini namoyish qildi
Uni 2022 yil o‘rtalarida sotuvga chiqarish mo‘ljallangan.

Toyota tomida quyosh paneli o‘rnatilgan birinchi “BZ4X” elektromobilini namoyish qildi. Bu haqda “Anons” xabar berdi.
Unda aytilishicha, modelning tomiga quyosh batareyalari o‘rnatilgan. Ular elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir, bu esa elektromobilning yiliga qo‘shimcha 1800 km. masofani bosib o‘tishiga yordam beradi.
“BZ4X” elektr krossoveri “Toyota Safety Sense” bilan ham jihozlangan.
Unda boshqa avtomobillarnikidek rul va g‘ildiraklar o‘rtasidagi o‘g‘ir metalli “gidravlika” yo‘q. Boshqaruv g‘ildiraklari “simlar” orqali harakatlanadi.
Elektr avtomobili butun dunyo bo‘ylab barcha zaryadlovchi qurilmalarga, jumladan, 150 kVt quvvatga ega tez zaryadlovchilarga ham mos keladi. U 30 daqiqada 80 foizgacha quvvat oladi. “BZ4X” bir zaryad bilan taxminan 500 km. masofani bosib o‘tishi aytilmoqda.
Krossoverning narxi hozircha nomaʼlum. Biroq 2025 yilga kelib kompaniya Shimoliy Amerika, Yaponiya, Xitoy va Yevropada “bZ” seriyasidan yettita elektromobil modelini taqdim etishni rejalashtirmoqda.
Bundan avval Tesla 2021 yilning II choragi davomida mijozlarga 201 250 ta avtomobil yetkazib bergani, 2025 yilda elektromobillar oddiy avtomobillarga qaraganda ancha foydali bo‘lishi hamda O‘zbekistonga elektromobillar asosan qayerdan olib kelinishi haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







