Avtomobillar tarixi (1-qism)
Hech qiziqqanmisiz, bugun avtosanoatda gigantga aylangan brendlarning ilk avtolari qanday ko‘rinishda bo‘lgan? Bugun siz bilan mana shunday ulkan avtokompaniyalarning ilk mahsulotlari haqida gaplashamiz. Qani, moziyga ketdik!

Land Rover Mk.1 (1948)

Mashina tarixi muhandis Moris Uilksga borib taqaladi. U “Willys Jeep”ini buzib, dala ishlarida yordam beradigan mashina yaratmoqchi bo‘ladi. Uilksning maqsadi aslida boshqa mashina sotib olmaslik edi, biroq keyin muxandisda yaxshi bir g‘oya tug‘iladi. “Nega “Rover” o‘zining mashinalarini chiqarmasligi kerak?”
Morris shu savol bilan “Land Rover”ning “Mk.1” avtomobilini ishlab chiqadi. Bu voqea 1948 yilda amalga oshadi. Taʼkidlash kerak, mazkur mashinaning ruli avtosalonning o‘rtasida joylashgan edi.
Lexus LS400 (1989)

Toyota‘ni AQSHda Camry‘dan qimmatroq sota olishiga ishonmagan yaponlar AQSH bozoriga yangi, hashamatli brendni chiqarishga qaror qilishadi. Birinchi ishlab chiqarilgan Lexuc aslida ixchamlashtirilgan Toyota Celsior hisoblanadi. Ammo bu yangi mahsulot birorta shtatda sotilmaganligi uchun hech kim uni Toyota‘ning prototipi ekanligini payqamagan. Bu esa mazkur avtomahsulotning mashhurlik qozonishiga yordam berdi.
Maserati Tipo 26 (1926)

Ko‘pgina zamonaviy brendlardan farqli o‘laroq, Maserati o‘zining birinchi mahsuloti poyga avtomobili bo‘lganligidan faxrlanadi. 1920 yillarning odatiy shossesi, alyuminiy korpusi, qatordagi 1,5 litrli V8 va uch pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bo‘lgan ikki o‘rindiqli Maserati Tipo 26 1926 yilda o‘zining debyutini qilgan.
O‘sha yili Targa Florioda bo‘lib o‘tgan avtopoygada model ixtirochisi Alferi Mazerati o‘z nomi bilan atalgan avtomashina bilan qatnashgan. Maʼlumotlarga ko‘ra, u marraga guruhda birinchi, umumiy hisobda esa to‘qqizinchi bo‘lib keladi. Albatta, bu boshlanish uchun yomon natija emas edi.
Mazda R360 (1960)

Biz odatda eshiklari, tomi va old oynasi bo‘lgan, shuningdek, 4 ta g‘ildirakka ega texnikani avtomashina deb ataymiz. Biroq Mazda‘ning birinchi mahsulotida bunday xususiyatlarning bittasi kam edi. Kompaniyaning birinchi avtomobili uch g‘ildirakli bo‘lgani haqida bilarmidingiz? Bilmasangiz, suratga qarang. 1960 yilda ishlab chiqarilgan mazkur Mazda R360 16 ot kuchiga ega, ikki o‘rindiqli haqiqiy avtomashina edi.
Mercedes 35 h.p.

Mazkur kompaniyaning nomi qanday kelib chiqqanidan xabardorsiz. 1901 yilda Vilgelm Maybax va Paul Daymler tomonidan avstriyalik tadbirkor Emil Yellinek uchun ishlab chiqarilgan mashina uning qizi sharafiga “Mercedes” deb atalgan. U 35 ot kuchiga ega bo‘lib, o‘z davrida havas qilsa arziydigan sport avtokari edi. Keyinchalik o‘z avtotadbirkorligini davom ettirgan Daymler boshqa avtomahsulotlari uchun ham “Mercedes” nomini saqlab qoldi.
Olamgir Abdiyev







