O‘zbekistonda Prezident taʼlim muassasalari agentligi va xorijiy davlatlar ishtirokida xalqaro forumi bo‘lib o‘tadi
Joriy yilning 16 noyabridan eʼtiboran forum doirasidagi tadbirlar haftaligiga start berildi.

Forum Xalqaro Anjumanlar saroyida 24-25 noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Bu Prezident taʼlim muassasalari agentligi tomonidan “Yangi O‘zbekiston taʼlimi: islohotlar yo‘lida muvafaqqiyatli hamkorlik” xalqaro forumi hisoblanadi.
Unda dunyoning Yevropa, Amerika, Osiyo qitʼalaridan taʼlim sohasining 100 dan ortiq yetuk mutaxassislari, xorijiy davlat elchixonalari, nufuzli xalqaro tashkilotlarning yurtimizdagi vakolatxonalari vakillari qatnashadi.
Bundan tashqari, xalqaro Oliy taʼlim muassasalari reytingini baholovchi “Times Higher Education” tashkiloti va Amerika Qo‘shma shtatlaridan “Massachucets” texnologiya instituti, Germaniyadan “Myunxen” Texnika Universiteti va “TUM International” tashkiloti ham qatnashadi.
Shuningdek, Buyuk Britaniyaning Kembridj hamda Nottingem universitetlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Ushbu forumdan ko‘zlangan maqsad xorijiy davlatlar vakillarini O‘zbekistondagi taʼlim islohotlari bilan tanishtirish, zamonaviy taʼlim tizimini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan o‘zaro tajriba almashishdan iboratdir.
Bunda O‘zbekistonga taklif etilgan xorijiy mutaxassislar ishtirokida taqdimotlar, seminar-treninglar va uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Javaharlal Neru universitetida o‘zbek tili kurslari ochilgani hamda Prezident maktabi bitiruvchilari davlat OTMlariga imtihonsiz grant asosida qabul qilinishi haqida xabar berilgandi.
Cho‘lponoy Ahmedova







