Gologramma bilan muloqot qilish imkonini beruvchi qurilma yaratildi
Los-Andjelesda joylashgan PORTL kompaniyasi to‘liq metrajli figurani efirga uzata oladigan telefon kabinasi o‘lchamidagi qurilmani ishlab chiqdi.

Yaʼni, endilikda insoniyat masofadan turib, bir biri bilan gologramma ko‘rinishida suhbatlashishi mumkin.
Maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur ixtiro olamdan o‘tgan tarixiy shaxslar va qarindoshlarning yozib olingan tasvirlarini gologramma ko‘rinishida uzatib beradigan programmalar bilan ham jihozlanishi mumkin.
Balandligi 2.1 metr, kengligi 1.5 metr bo‘lgan qurilmani ishlatish uchun tokka tiqiladi. Qizig‘i, kamera va oq fonga ega bo‘lgan har bir kishi qurilma xotirasiga o‘z gologrammasini yuklash imkoniyatiga ega.
"Biz bir necha oy davomida bir-birini ko‘rmagan harbiylarning oilalari, turli qirg‘oqlardan kelgan odamlar yoki koronavirus tufayli karantinda bo‘lganlar o‘rtasida aloqa o‘rnatishimiz mumkin", - deydi PORTL bosh direktori Devid Nussbaum.
Hozircha qurilma narxi 60 000 dollardan boshlanadi, biroq rasmiylarning aytishicha, “keyingi 3-5 yil ichida arzonlashadi”.
Maʼlumotlarga qaraganda, qurilma Los-Andjelesdagi StoryFile kompaniyasining sunʼiy intellekti va saqlash imkoniyati bilan jihozlanadi va gologrammalarga yozib olinadi. Bu esa ular bilan muloqot qilish imkoniyatini beradi. Qurilmagan o‘rnatilgan bunday funksiyalar uning narxiga ham taʼsir qiladi. Yaʼni, 85 000 dollar.
"Odamlar o‘zlarini gologramma bilan haqiqatan ham gapirgandek his qilishlari mumkin. Siz ularning mavjudligini, tana harakatini, og‘zaki bo‘lmagan xususiyatlarini his qilasiz", - deydi StoryFile direktori Xezer Smit.
Avvalroq olimlar deyarli yanchib bo‘lmaydigan suvarak-robotni yaratgani hamda “Amazon” yangi uy robotini taqdim etgani haqida xabar berilgandi.
Olamgir Abdiyev







