Abdulaziz Komilov BMT maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi
Ular Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashdi.


Bugun, 29-noyabr kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMTning terrorizmga qarshi kurashish sharoitida inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish, asosiy erkinliklarini ilgari surish bo‘yicha maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn bilan uchrashdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

BMT maxsus maʼruzachisi Fionnuala Ni Aolayn yurtimizda fuqarolarning boshqa davlatlarda og‘ir ahvolga tushib qolgan shaxslarga yordam ko‘rsatish, ayniqsa, ayollar va bolalarni vatanga qaytarish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekistonning BMT va uning inson huquqlari sohasidagi ixtisoslashgan tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligining dolzarb masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.

Shuningdek, Afg‘oniston xalqiga tezkor insonparvarlik yordam ko‘rsatish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdulaziz Komilov Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti bilan uchrashgani, Saudiya Arabistoni Qirolligining Favqulodda va muxtor elchisini qabul qilgani, Germaniya tashqi ishlar vaziri bilan uchrashuv o‘tkazgani hamda Tehrondagi Afg‘oniston masalasiga bag‘ishlangan uchrashuvda ishtirok etgani haqida xabar berilgandi.







