Cheklovlar ko‘payib ketdi degani bu cheklovlar bo‘lmasligi kerak degani emas – Ruslanbek Davletov
Adliya vaziri TikTok va Twitter bloklanishi bo’yicha fikr bildirdi.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov "Toshkent yoshlar forumi — 2021" doirasidagi tadbirda O‘zbekistonda TikTok va Twitter'ning bloklanishi bo‘yicha savolga javob berdi.
"Cheklovlar ko‘payib ketdi degani bu cheklovlar bo‘lmasligi kerak degani emas. Qayerda bo‘lsa ham, maqbul darajada bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Ijtimoiy tarmoqlarga keladigan bo‘lsak, men axborot almashinuvida erkinlik tarafdoriman. Bugungi zamonda axborotni hech qachon cheklab, uni jilovlay olmaysiz.
Axborot almashinuvi doim bo‘lishi kerak, bu bilimni kuchaytiradi. Ammo noqonuniy kontent har doim bo‘ladi. Noqonuniy kontent nima? Bu terrorizmga boshlovchi chorlovlar, diniy adovatlarni qo‘zg‘atuvchi materiallar, pornografiya yoki zo‘ravonlik haqidagi materiallar. Rivojlangan davlatlarda bularning barchasi qonun bilan tartibga solingan. Qonun bilan ishlasak yanglishmaymiz", - dedi Davletov.
Avvalroq TikTok dunyodagi eng ko‘p yuklangan ilovaga aylangani va Ukrainada jahondagi birinchi TikTok fakulteti ochilgani haqida xabar berilgandi.
Javohirbek Tursunov








