Toshkentda elektromobilni tezkor quvvatlaydigan yangi stansiya oʻrnatildi
Qurilma bir vaqtning oʻzida 2 ta elektromobilni 50-80% zaryadlash uchun 25-30 daqiqa sarflaydi.

Energetika vazirligi binosida elektromobillarni tezkor zaryadlash stansiyasi oʻrnatildi.
Vazirlik huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan quvvati 120 kVt boʻlgan elektromobillarni tezkor zaryadlash stantsiyasi oʻrnatildi.
Ushbu zaryadlash qurilmasida bir vaqtning oʻzida 2 ta elektromobilni 50-80% zaryadlash uchun 25-30 daqiqa sarflanadi. Bu esa, oddiy zaryadlash stantsiyalardan 20 barobar tezkordir.
Stansiya vazirlik binosining tom qismida ishga tushirilgan quyosh fotoelektr stansiyasi orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni quvvatlaydi.
Hozirda qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutida quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalarni yaratish va rivojlantirish loyihasi amalga oshirilmoqda.







