G‘azoda oziq-ovqat tarqatayotgan avtomobilga Isroil droni zarba berdi: uch kishi halok bo‘ldi
Avtomobil bolalarga oziq-ovqat va ichimlik tarqatish uchun to‘xtashga tayyorlanayotgan paytda raketa bilan urilgani aytildi.

G‘azo shahrida ko‘chirilgan aholiga oziq-ovqat yetkazayotgan avtomobil Isroil droni hujumiga uchradi. Oqibatda uch kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, Jabaliyada bir falastinlik otib o‘ldirildi, Xon Yunisdagi hujumda uch kishi yaralandi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.
Hujum shanba kuni G‘azo shahrining Tal al-Havo mahallasida sodir bo‘lgan. Oziq-ovqat tarqatayotgan avtomobil World Central Kitchen gumanitar tashkiloti bilan ishlovchi jamoaga tegishli bo‘lgan.
Hujum guvohining aytishicha, avtomobil bolalarga oziq-ovqat va ichimlik tarqatish uchun to‘xtashga tayyorlanayotgan paytda raketa bilan urilgan.
Bundan tashqari, G‘azo shimolidagi Jabaliya qochqinlar lageri yaqinidagi Halava ko‘chirilganlar lagerida falastinlik erkak Isroil harbiylari o‘qidan halok bo‘lgan. Uning jasadi al-Shifo shifoxonasiga olib borilgan.
Xon Yunisning al-Mavasi hududida elektr velosipedda ketayotgan yosh yigitga qarshi hujum oqibatida uch kishi yaralangan. Ular Nosir tibbiyot majmuasiga yetkazilgan.
Isroilning G‘azodagi hujumlari o‘tgan yil oktabrida kuchga kirgan sulhga qaramay davom etmoqda. G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, sulh boshlanganidan beri 1 671 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Isroil shu davrda sulhni 600 martadan ortiq buzgan.
Ayni paytda, qishki yomg‘ir va suv toshqinlari G‘azodagi gumanitar vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Jahon oziq-ovqat dasturi ma’lumotiga ko‘ra, aholi ovqat tayyorlash uchun chiqindilarni yoqishga majbur bo‘lmoqda. Xalqaro migratsiya tashkiloti esa Misrda saqlanayotgan 100 mingdan ortiq chodir Isroil tomonidan qo‘yilgan cheklovlar sababli G‘azoga yetkazib berilmayotganini bildirdi.
Isroilning G‘azoda uch yil avval boshlagan urushi davomida jami 74 736 nafar falastinlik halok bo‘lgan.








