Altsgeymer kasalligini sekinlashtiruvchi dori yaratildi
Yaponiyada preparat bemorlarga noyabr oyidan berila boshlanadi.

Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Altsgeymer kasalligining rivojlanishini sekinlashtirishi klinik jihatdan isbotlangan ilk dorini rasman tasdiqladi.
Gap Yaponiya farmatsevtika kompaniyasi Eisai tomonidan antikorlar asosida ishlab chiqilgan «Leqembi» preparati haqida bormoqda. U Altsgeymer kasalligi bilan og‘rigan bemorlar miyasida beta-amiloid oqsil konlari darajasini kamaytirishga mo‘ljallangan. «Leqembi» tadqiqotlari shuni ko‘rsatdiki, preparat kasallikning dastlabki bosqichlarida bo‘lgan bemorlarda 18 oylik davolanishdan keyin xotira va fikrlashning pasayishini taxminan 27% ga sekinlashtiradi.
Dorini sotish va ishlab chiqarish Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi ekspert komissiyasi tomonidan tasdiqlangan. Preparat noyabr oyidayoq Yaponiyadagi bemorlarga taqdim etilishi mumkin.







