0

Maymunchechak bo‘yicha e’lon qilingan favqulodda holat bekor qilindi

Kasallanish va o‘lim holatlarining kamayishi tufayli JSST mpox epidemiyasini favqulodda holat maqomidan chiqardi.

Maymunchechak bo‘yicha e’lon qilingan favqulodda holat bekor qilindi

O‘tgan yilning avgustida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymunchechak (mpox) epidemiyasini Afrikaning bir nechta davlatlari bo‘ylab xavfli tus olgani sababli global favqulodda holat deb e’lon qilgan edi. Oradan bir yil o‘tib, tashkilotning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha qo‘mitasi navbatdagi yig‘ilishida ushbu maqom bekor qilindi.

 

JSST bosh direktori Tedros Gebreyususning ta’kidlashicha, qaror virus o‘chog‘i bo‘lib kelgan Kongo Demokratik Respublikasi, Burundi, Syerra-Leone va Ugandada kasallanish hamda o‘lim holatlarining keskin kamaygani bilan bog‘liq.

 

Mutaxassislar bugunga kelib virusning yuqish yo‘llari va xavf omillari haqida yetarli bilimga ega bo‘ldi. Bu esa epidemiyaning tarqalishini jilovlash va samarali choralarni ko‘rish imkonini bermoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda maymunchechak 100 dan ortiq mamlakatda qayd etilib, qariyb 128 ming kishi ushbu kasallikka chalingan. Ulardan 283 nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"