Yangi saraton dorisi 15 ta bemorda o‘smalarni butunlay yo‘q qildi
Tadqiqot 11 mamlakatda o‘tkazilgan bo‘lib, unda bosh va bo‘yin saratoniga chalingan 102 nafar bemor ishtirok etgan.

Bosh va bo‘yin saratonini davolashda qo‘llanilayotgan amivantamab preparati bo‘yicha xalqaro klinik sinovlar umidbaxsh natijalarni ko‘rsatdi, deya xabar bermoqda The Guardian.
Tadqiqotchilar dorining ayrim bemorlarda o‘smalarni to‘liq yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganini ma’lum qildi.
Nashrining yozishicha, tadqiqot 11 mamlakatda o‘tkazilgan bo‘lib, unda bosh va bo‘yin saratoniga chalingan 102 nafar bemor ishtirok etgan. Ularning barchasida kasallik avvalgi kimyoterapiya va immunoterapiya muolajalariga javob bermagan.
Sinov natijalariga ko‘ra, bemorlarning 43 nafarida o‘smalar kichraygan yoki butunlay yo‘qolgan. Shundan 28 nafarida o‘smalar sezilarli darajada qisqargan bo‘lsa, 15 nafar bemorda saraton o‘smalari to‘liq bartaraf etilgan.
Londondagi Saraton tadqiqotlari instituti professori Kevin Harrington bu natijalarni “misli ko‘rilmagan darajadagi kuchli javob” deb baholadi. Uning ta’kidlashicha, tadqiqotda ishtirok etgan bemorlar uchun davolash imkoniyatlari juda cheklangan bo‘lgan.
Mutaxassislarning qayd etishicha, amivantamab saratonga bir vaqtning o‘zida uch yo‘nalishda ta’sir qiladi. Preparat o‘smalarning o‘sishiga yordam beruvchi EGFR oqsilini bloklaydi, saraton hujayralarining davolashdan qochishida muhim rol o‘ynovchi MET signal yo‘lini to‘sadi hamda immun tizimini faollashtirib, organizmning o‘smaga qarshi kurashishini kuchaytiradi.
Preparatning yana bir afzalligi uning qo‘llash usuli bilan bog‘liq. Dori tomir orqali emas, balki har uch haftada bir marta teri ostiga yuboriladi. Tadqiqot davomida nojo‘ya ta’sirlar asosan yengil va o‘rtacha darajada kuzatilgan.
Amivantamab preparati hozirda o‘pka, yo‘g‘on ichak, miya va oshqozon saratoni bo‘yicha ham qator klinik sinovlarda o‘rganilmoqda. Tadqiqot natijalari Chikagoda bo‘lib o‘tadigan Amerika Klinik Onkologiya Jamiyati (ASCO)ning yillik konferensiyasida taqdim etilishi rejalashtirilgan.








