Odil Abdurahmonov Oliy taʼlim vaziri boʻlishi kutilmoqda
U muqaddam Transport universitetiga rektorlik qilgan.

Odil Qalandarovich Abdurahmonov oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlanadi. Bu haqda oʻz manbasiga tayanib, Kun.uz xabar bermoqda.
Odil Abdurahmonov 1978-yilda tugʻilgan, iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega.
U muqaddam prezident devoni (hozirgi prezident administratsiyasi)da bosh konsultant lavozimida, keyinroq devonning ijro apparati rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning oʻrinbosari boʻlib ishlagan.
Keyinroq Respublika bandlik, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish ilmiy markazi rahbari boʻlgan.
2018-yil 31-iyulda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining birinchi oʻrinbosari etib tayinlangan.
2019-yil aprel oyida prezident administratsiyasiga qaytib, prezidentning fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi (Abdujabbor Abduvohidov)ga oʻrinbosar boʻlgan, 2020-yil iyulida Transport universiteti rektori lavozimiga oʻtkazilgandi.
2022-yil avgustida Oʻzbekiston prezidentining yoshlar, fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va sport masalalari boʻyicha maslahatchisi etib tayinlangan, 2023-yil avgustida prezident administratsiyasidagi islohotlar doirasida tuzilgan Ijtimoiy rivojlanish departamenti direktori sifatida ish boshlagandi.







