HAMAS Rossiyani eng yaqin do‘sti deb atadi
Guruh garovga olingan rossiyaliklarni ozod qiladi.

HAMAS guruhi Rossiya bilan "yaqin do‘stlik"lari tufayli barcha rossiyalik garovga olinganlarni ozod qilishini aytdi.
Rossiya TIV maʼlumotlariga ko‘ra, HAMAS tomonidan garovga olinganlar orasida sakkiz nafar rossiyalik bo‘lishi mumkin. Gap ikki fuqarolikka ega bo‘lgan shaxslar haqida ketmoqda. HAMAS vakillari ularni qidirib, qo‘yib yuborishlarini aytishgan. Guruh yetakchisi Abu Marzuk ayni damda Moskvada bo‘lib, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi unga sakkiz kishidan iborat ro‘yxatni bergan.
“Biz bu ro‘yxatga juda ehtiyot bo‘lamiz va uni diqqat bilan ko‘rib chiqamiz, chunki biz Rossiyani o‘zimizning eng yaqin do‘stimiz deb bilamiz”, dedi HAMAS vakili.
Eslatib o‘tamiz, 26 oktyabr kuni Rossiya HAMAS bilan muzokaralarni boshlagan dunyodagi birinchi davlat bo‘ldi. O‘z navbatida Isroil TIV bu tashrifni “nomaqbul qadam” deb atadi va Moskvani HAMAS delegatsiyasini zudlik bilan chiqarib yuborishga chaqirdi. Kreml bunga javoban barcha tomonlar bilan aloqalarni davom ettirish zarur deb hisoblashini bildirdi.







