Qozog‘istondagi konda halok bo‘lganlar soni yana ortdi
Voqea joyida qidiruv ishlari davom etmoqda.

Qarag‘andi viloyatidagi Kostenko konida halok bo‘lganlar soni 45 kishiga yetdi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati maʼlum qildi.
29-oktabr soat 20:00 holatiga ko‘ra, 45 kishining jasadi topilgan, 1 nafar konchini qidirish ishlari davom etmoqda.
Ishlar bir-biridan taxminan 6 km uzoqlikda joylashgan ikkita ishlab chiqarish maydonchasi hududida olib borilmoqda.
Tog‘-qutqaruv xodimlarining konchilar joylashishi mumkin bo‘lgan joylarga o‘tishining barcha mumkin bo‘lgan yo‘llari ishlab chiqilmoqda.
Avariyaning taxminiy epitsentrini tekshirish maqsadida FV vaziri Sirim Sharipxanov shaxtaga tushdi.
Tekshiruv davomida yong‘in va portlash natijasida zarar ko‘rgan qazishmalar ko‘zdan kechirildi.
Olov manbalari yo‘q, gaz normal holatda.
Bundan tashqari, Sirim Sharipxanov avariyani tergov qilish bo‘yicha Hukumat komissiyasi aʼzolari bilan yig‘ilish o‘tkazdi.
Ishlarning har tomonlama taʼminlanishi Favqulodda vaziyatlar vazirining shaxsiy nazoratida. Ish davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 28-oktabr kuni soat 02:33 da Qarag‘andi viloyatidagi Kostenko nomidagi shaxtada portlash yuz berdi.
29-oktabr Qozog‘iston Respublikasida Umumxalq motam kuni deb eʼlon qilindi.





