Mirobod tumanida fuqaro otib ketildimi?
Toshkent shahar IIBB tarmoqlarga tarqalgan shov-shuvli xabarlarda munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Mirobod tumanida bir fuqaro otib ketilgani haqida tarqalgan shov-shuvli xabarlarga Toshkent shahar IIBB rasmiy izoh berdi.
"Ijtimoiy tarmoqlarda go‘yoki Mirobod tumanida bir fuqaro otib ketilgani haqida yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Toshkent shahar IIBB shuni maʼlum qiladiki, joriy yilning 21 noyabr kuni taxminan soat 22.30 larda Mirobod tumani Nukus va Avliyoota ko‘chalari chorrahasida 1998 yilda tug‘ilgan B.B. boshqaruvidagi Hyundai sonata rusumli avtomobilda piyodani urib yuborgan. Hodisa oqibatida piyoda 1982 yilda tug‘ilgan F.K. shifoxonaga olib borilgan, biroq shifokorlarning saʼy harakatlarga qaramay vafot etgan", — deyiladi xabarda.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
IIBB ijtimoiy tarmoq faollari va blogerlardan asoslanmagan va tekshirilmagan xabarlarni tarqatmaslikni so‘ragan.







