Angren ko‘mir ombori mudiri qamoqqa olindi
Jami 3 mlrd mablag‘ talon-toroj qilingan.

Angren ko‘mir ombori mudiri qamoqqa olindi. Mudir Muzaffar Ergashev, «Ko‘mir taʼminot» MCHJ mansabdorlari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Omborga joriy yilning iyun oyidan noyabr oyiga qadar 25 112 tonna ko‘mir mahsulotlari qabul qilib olingan. Hisobotlarda ushbu ko‘mirning 21 411 tonnasi ijtimoiy soha muassasalari va aholiga imtiyozli narxlarda tarqatilgani hamda joriy yilning 11 noyabr holatiga omborda qoldiq 3700 tonna ko‘mir borligi aks ettirilgan.
Shuningdek, «Ko‘mir taʼminot» MCHJda o‘tkazilgan soliq tekshiruvlari jarayonida 1 tonna ko‘mir narxi aholiga nisbatan 300 ming 300 so‘m hamda byudjet tashkilotlariga nisbatan 418 ming 245 so‘m qilib belgilangan bo‘lsa-da, jamiyat tomonidan 2022 yil 26 iyul kunidan 2023 yil 31 oktyabr kuniga qadar 27 ta holatda 15 ta byudjet tashkilotiga arzon narxlarda 7 mlrd 869 mln so‘mlik 30 130 tonna ko‘mir realizatsiya qilingan. Ushbu ko‘mir mahsulotlari belgilangan narxda sotilganida 10 mlrd 958 mln so‘m qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblash bazasi vujudga kelishi lozim bo‘lgan. Bu orqali 3 mlrd 88 mln so‘m byudjet mablag‘lari rastrata qilish orqali talon-toroj qilingan.
Bundan tashqari, jamiyatning tovarlar kirim va chiqim amaliyotlari tahlil qilinganida tegishli qonun talablariga zid ravishda jamiyat tomonidan katta miqdordagi benzin va dizel yoqilg‘isi, shuningdek, neft mahsulotlari litsenziya va boshqa hujjatlarsiz realizatsiya qilingani aniqlangan.







