Toshkent viloyatida parrandachilik fermasida yong‘in chiqdi
Voqea joyiga 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yetib borgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanidagi parrandachilik fermasida yong‘in chiqqani videosi tarqaldi. FVV matbuot xizmati holat yuzasidan ma’lumot berdi.
«Bugun, 21 dekabr kuni soat 15:20 da Toshkent viloyati Piskent tumani «Kultepa» MFYda joylashgan parrandachilik fermalarining birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida FVBga xabar tushgan.
Shunga ko‘ra, 5 ta yong‘in-qutqaruv ekipajlari soat 15:33 da voqea joyiga yetib borib, hozirda yong‘inni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat to‘liq nazoratga olingan», deyiladi xabarda.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra fuqarolarni kuyish tan-jarohati olish va halok bo‘lish holatlari bo‘yicha ma’lumot kelib tushmagan.







