“Tanlovga butun oila bo‘lib tayyorlandik”
“Yosh kitobxon” tanlovida g‘olib bo‘lgan samarqandlik Nargiza Muhammadevaning onasi bilan suhbat.

Bu safargi tanlov juda qizg‘in o‘tishi taxmin qilinmoqda. Sababi yildan yilga qiziquvchilarning ko‘payishi ular o‘rtasida raqobatning oshishiga sabab bo‘lishi aniq. Tanlov ishtirokchilarining ayrimlari bir necha yildan beri o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazib kelyapti. Asosiy maqsad mashina yutish yoki pul mukofoti emas, aksincha o‘z bilimlarini mustahkamlash, ota-onasining ishonchini qozonish va o‘zi tug‘ilib o‘sgan hudud sharafini munosib himoya qilish. Boshlovchi birin-ketin kitobxonlarni shartlar bo‘yicha ishtirok etish uchun sahnaga taklif etadi. Hakamlar va ko‘plab tomoshabinlarning qarshisida hayajon yuqori bo‘lishi, tabiiy. Biroq, samarqandlik Nargiza Muhammadevaning o‘ziga bo‘lgan ishonchi qolganlarga nisbatan yuqori. Sababi, Nargiza mazkur "Yosh kitobxon" tanlovida avval ham ishtirok etgan. Biroq, o‘shanda unga biroz omad yetishmagan. Respublikaning turli burchaklaridan kelgan yosh kitobxonlar orasidagi kurashda eng bilimlilargina g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi, kuchli hayajon, hakamlarning qarorlari va yillar davomidagi turli qiyinchiliklar: sahnaga taklif etiladigan har bir yosh kitobxonning ichki kechinmalarini shu tahlid tasavvur qilish mumkin. Turli shartlar bo‘yicha o‘tgan bellashuvlar ortda qolib, yakuniy natijalar eʼlon qilinadi. Bosh sovrin bolaligidan kitobga o‘zgacha mehr qo‘ygan, Samarqand viloyati nomini himoya qilgan Nargiza Muhammadevaga nasib etadi.
Zamon.uz muxbiri Nargizaning bu yutuqqa erishishida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, qizini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan onasi Zarina Nevruzovani suhbatga tortdi.
Kitobxon qizning onasi bo‘lish baxtini tasvirlab berolasizmi?
— Aslida, ona bo‘lishning o‘zi katta baxt. Biroq, farzandingizning kitobga mehr qo‘yib, unga do‘st tutinib ulg‘ayayotganini ko‘rish undan ham ortiq baxt. Ayni vaqtdagi kechinmalarimni tasvirlash qiyin.
Nargizaning bir kuni odatda qanday o‘tadi?
— Har bir o‘quvchi kabi ertalab turib maktabga boradi, undan keyin qo‘shimcha mashg‘ulotlarga boradi. Uy yumushlariga yordam berib bo‘lganidan keyin, ko‘proq kitob mutolaasi bilan band bo‘ladi. Baʼzan kechqurun 24:00 gacha kitob o‘qiydi. Biz bo‘ldi kech bo‘ldi deyishimizga qaramasdan ko‘p vaqtini kitob bilan o‘tkazadi.
Sizningcha, bugungi kunda onalar farzand tarbiyasida nimalarni yoddan chiqarishyapti?
— O‘zingizga maʼlumki, hozirda telefon juda ham ko‘p bolalarning vaqtini o‘g‘irlayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Shu sababli bugungi kunda bolalarni jiddiy nazorat qilish talab etiladi. Ularning kim bilan do‘st tutinganidan, qanaqa kitoblar o‘qiyotganidan xabardor bo‘lib turish zarur. Asosiy eʼtiborni farzandga qaratish kerak. To‘g‘ri ko‘pchilik ota-onaning doim ham bunga imkoniyati bo‘lmasligi mumkin, biroq qanday holat bo‘lishidan qatʼi nazar birinchi navbatda bolaga vaqt ajratish kerak. Uning bir kuni qanday o‘tgani bilan qiziqib, dalda bo‘lib turish lozim. Har qanday vaziyatda ham "men yoningdaman, sen bilan faxrlanaman", - deb bola maqsad sari yo‘naltirilsa, uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi.

Nargizaning kitob o‘qishga qiziqishi qanday boshlangan?
— Bu oilaviy muhitdan shakllangan bo‘lsa kerak deb o‘ylayman. Chunki, o‘zim ham, turmush o‘rtog‘im ham ko‘p kitob o‘qib turamiz. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘imning badiiy kitob mutolaasiga qiziqishi juda yuqori va bunga ko‘proq vaqt ajratadi. Farzandlarimizga kichikligidan ularning yoshiga mos kitoblarni olib keladi, ularni o‘qib beradi, birga tahlil qiladi va shuningdek, ularga doimiy tarzda dalda berib boradi. Menimcha, qizimga eng asosiy motivatsiyani turmush o‘rtog‘im bergan.
Qanday qiyinchiliklarni boshdan o‘tkazganini hammadan ko‘ra siz juda yaxshi bilsangiz kerak?
— Kitobxon bo‘lish uchun ko‘p mehnat bilan birga sabr talab etiladi. Sababi, kitob mutolaasi uchun dastlabki ko‘nikmalarni olish, muhitga moslashish vaqt talab etadigan jarayonlardan biri hisoblanadi. Qizim dastlab oltinchi sinfligida "Yosh kitobxon" tanlovining respublika bosqichiga chiqqan. O‘shanda maʼlum bir qiyinchiliklar bo‘lgandi. Sababi, uning yosh toifasidagi kitoblar ko‘proq o‘n to‘rt yoshdagilar uchun mo‘ljallangandi. O‘sha vaqtlari ayrim kitoblarning g‘oyasiga tushunmagani uchun, dadasi bilan birgalikda uni tahlil qilishardi. Bir xil vaqtlari mutolaaga juda ham berilib ketganidan charchab, uxlab qolardi. Biroq, maʼlum muddatdan keyin bunday holatlarga ham ko‘nikib ketdi va asarlarni to‘liq o‘zi tushunib o‘qishni boshladi. Qizim bungacha sabr qildi. Biz esa uni muntazam qo‘llab-quvvatlab turdik. Bilamizki, har qanday ishning boshida yetarlicha qiyinchiliklardan o‘tish lozim, ular yengib o‘tilsagina maqsad sari qadam bosilgan bo‘ladi.

Kitobxon qizning onasi ham kitobxon bo‘lishi tabiiy, menimcha?
Bizning o‘zimiz ham ko‘proq kitob o‘qib, farzandlarimizga namuna bo‘lishga harakat qilamiz. Ota-onasi telefon o‘ynab yoki vaqtini boshqa keraksiz narsalar bilan o‘tkazayotganini ko‘rgan farzand aniqki, telefonlarga bo‘lgan qiziqishi ortadi. Imkon qadar bo‘sh qolgan vaqtlarim kitob o‘qishga harakat qilaman. Nargizani tanlovga tayyorgarlik jarayonida butun oila bo‘lib ro‘yxatdagi kitoblarni o‘qib chiqdik. Tanlov shartlariga tayyorlanish uchun savol-javoblar, tahlillar orqali barchamiz uning bilimini mustahkamlashda o‘z hissamizni qo‘shdik. Nargiza sababli yana-da kitob mutolaasiga mehrim oshdi.
Qizini o‘qimishli bo‘lishini xohlamaydigan onalarga nimalar degan bo‘lardingiz?
— Menimcha O‘zbekistonda har bir ota-ona farzandini o‘qimishli bo‘lishini xohlaydi. Kitobga mehr qo‘ygan farzand hayotda qoqilmaydi. Sababi, hayot qiyinchiliklarini kitoblardan olgan bilimlari orqali, aql bilan yengib o‘tishga harakat qiladi. Chunki, kitoblardan juda ko‘p hayotiy misollar obrazlar orqali ochib berilgan bo‘ladi. Shularni tahlil qilib, nima qilish kerakligi haqida mulohaza yuritib ko‘radi. Shu sababli har bir bolani o‘qitish shart, ayniqsa qizlarni. Ular kelajakda ona bo‘ladi, farzand tarbiyalaydi. Kelajakda bu millatni yuksalishiga xizmat qiladi.
Jamshidbek Amirov suhbatlashdi







