Parijda o‘tkazilgan xalqaro sammitda ilk bor O‘zbekiston ishtirok etdi
Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar qilmoqda.

Parijda WomenInTech Global Jahon texnologiya hamjamiyatining xalqaro sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammitda 50 dan ortiq davlatdan 450 nafar delegatsiya vakillari hamda 70 nafar maʼruzachi ishtirok etdi.
Sammitda O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashdi va Raqamli texnologiyalar vaziri maslahatchisi Kamola Sobirova “Beyond Glass Ceilings: Women in Tech Leadership” (Ko‘rinmas to‘siqlar ortida texnologiyada ayollar yetakchiligi) mavzusiga bag‘ishlangan panel muhokamalaridan birida ishtirok etdi.
Vazir maslahkatchisi, o‘z nutqida mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning turli soha va tarmoqlarda o‘z qobiliyat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratilishi davlat siyosatiga aylantirilganligi hamda xotin-qizlarni aynan STEM kasblariga jalb qilishda vazirlik kesimida olib borilayotgan bir qancha ishlar haqida maʼlumot berib o‘tdi.
O‘zbekiston “WomenInTech” tashkilotiga 2023 yilning mart oyida aʼzo bo‘lishi va 2024 yilga kelib ushbu tadbirda ilk bor ishtirok etishi uning global texnologiya sohasida erishgan nufuzi va ahamiyatidan darak beradi.
Tadbirning ikkinchi kunida “Sinov” mobil VR ilovasini yaratgan O‘zbekistonlik ITchi qizlar ishtirokida tayyorlangan “Ayol Yo‘li” videosi sammit qatnashchilari uchun taqdim etildi. “Sinov” loyihasining ishtirokchilaridan biri Gulnoza Abdurashidova ham panel muhokamasida qatnashib, o‘z tajribasini bo‘lishdi.
Maʼlumot uchun: 2018 yilda tashkil etilgan “WomeninTech” tashkiloti 2030 yilga qadar 5 million xotin-qizlarni texnologiya olamiga jalb qilishni o‘z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan va hozirgi kunda dunyo bo‘ylab 179 mamlakatdan 9000 dan ortiq elchilar va 80 ming texnik ekspertlar bilan tarmoqni kengaytirib bormoqda.
Tadbir yakunida “Women in Tech CCA Awards” sammitini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazish g‘oyasi ilgari surildi.







