“Nokia” smartfonlari bozori “sindi”
Kompaniya telefonlar bozorini tark etmoqda.

Finyandiyaning mashhur HMD Global kompaniyasi Nokia brendi ostida ishlab chiqariladigan smartfonlar savdosini to‘xtatdi. Kompaniyaning rasmiy veb-saytida “Nokia” smartfonlari endi mavjud emas, ular “dissontinued” (“to‘xtatilgan”) maqomini olgan. Bu qaror texnologiya bozorida sezilarli o‘zgarishlarni belgilashi mumkin.
Hozirda kompaniya o‘zining HMD “Key”, “Ars”, “Skyline”, “Fusion”, “Aura” va “Pulse” kabi yangi brendlari ostidagi mahsulotlarni rivojlantirishga eʼtibor qaratmoqda. Hatto yaqinda chiqarilgan “Nokia XR21” modeli ham endi savdodan olib tashlangan bo‘lib, bu modelning eski versiyasi esa “HMD XR21” brendi ostida taqdim etiladi.
Shunga qaramay, “Nokia” brendi ostidagi afsonaviy tugmachali telefonlar, jumladan, “Nokia 3310” kabi klassik modellarning ishlab chiqarilishi va sotilishi davom etadi. Ushbu telefonlar o‘zining oddiyligi, qulay narxi va uzoq vaqt xizmat qiluvchi batareyasi bilan hamon talabgor bo‘lib qolmoqda.
Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, “Nokia”ning smartfon bozoridan chiqishi kompaniyaning “Apple” va “Samsung” kabi texnologiya gigantlari bilan raqobatda ortda qolishi bilan bog‘liq. Zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etishda yetarlicha muvaffaqiyatga erisha olmagani brendning bozor ulushini yo‘qotishiga olib keldi.
Biroq bu qaror kompaniyaning boshqa texnologik yo‘nalishlarda rivojlanishiga imkoniyat yaratadi. “Nokia” hozirda Oyda mobil aloqa tarmog‘ini yaratish loyihasini amalga oshirish ustida faol ishlamoqda. Ushbu loyiha kompaniyaning global miqyosda texnologiya yetakchilaridan biri sifatida o‘z mavqesini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ekspertlar ushbu voqeani “bir davrning yakuni” sifatida baholamoqda. “Nokia” telefonlari sobiq SSSR davlatlarida birinchi bo‘lib ommalashgan bo‘lib, ular texnologiya sohasidagi o‘ziga xos inqilobni boshlab bergan. Endilikda kompaniya o‘z resurslarini yangi innovatsion marralarga yo‘naltirishga intilmoqda.







