Lamborghini 5 ming dollarlik “kolyaska” ishlab chiqardi
Uning g‘ildiraklari to‘liq suspenziyaga ega.

Mashhur italiyalik superkarlar ishlab chiqaruvchisi Lamborghini endi kichik mijozlar uchun ham yuqori sifatli va lyuks transport yaratmoqchi bo‘ldi. U Britaniyaning Silver Cross bolalar mahsulotlari brendi bilan hamkorlikda 2024 yilning sentyabrida “super-aravacha” Reef AL Arancio modelini taqdim etdi. Oradan besh oy o‘tgach, bu aravacha sotuvga chiqarildi.
Silver Cross kompaniyasi bor yo‘g‘i 500 dona aravacha ishlab chiqargan. Ularning har biri taxminan 5165 dollarga sotiladi. Reef AL Arancio — barcha sharoitlarda qulaylik yaratish uchun mo‘ljallangan aravacha bo‘lib, uning g‘ildiraklari to‘liq suspenziyaga ega va tormoz pedali superkarlar dizayniga o‘xshash. Aravachaning tutqichi esa avtomobil uslubida, yuqori sifatli italyancha teridan ishlangan. Aravacha, shuningdek, Lamborghiniʼning mashhur “olov” rangida bo‘lib, qora matolar bilan uyg‘unlashgan.
Kolyaska to‘plamiga bolalar uchun o‘rindiq, avtomobil o‘rindiqlariga moslashtirilgan adapterlar, quyoshdan himoya qiluvchi qopqoq, chivinlar uchun to‘siq va ikki dona yomg‘irdan himoya qiluvchi parda kiritilgan.







