Lifestyle

Zarifa Aliyeva – nur ulashuvchi shifokor, fidoyi olima va g‘amxo‘r ona

Mashhur oftalmolog olima, akademik Zarifa Aliyeva tavalludiga 103 yil to‘ldi. Uning boy ilmiy merosi bugun ham yuksak qadrlanmoqda.

Zarifa Aliyeva – nur ulashuvchi shifokor, fidoyi olima va g‘amxo‘r ona

Taniqli olima, tibbiyot fanlari doktori, akademik Zarifa Aliyeva tavalludiga 103 yil to‘ldi. O‘tgan yilning noyabr oyida Prezident Ilhom Aliyev tomonidan imzolangan farmoyish nafaqat atoqli oftalmolog olimaning davlat darajasida yuksak baholanishini anglatadi, balki akademik Zarifa Aliyevaning ilmiy merosi bugungi kunda ham dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi tomonidan yubiley tadbirlari doirasida o‘tkazilayotgan konferensiyalar ilmiy jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otib, tadqiqotchilar uchun yangi yo‘nalishlarni belgilab bermoqda. Chunki atoqli oftalmolog olimaning merosi, tibbiyotning turli sohalaridagi tadqiqotlari va yaratgan fundamental ilmiy ishlari Ozarbayjon fanining yorqin sahifalarini tashkil etadi.

 

Ushbu muhim yubiley kunida Zarifa Aliyevaning hayoti va faoliyatidagi asosiy bosqichlarni esga olaylik.

 

Zarifa Aziz qizi Aliyeva 1923-yil 28-aprelda Naxchivon Muxtor Respublikasining Sharur tumanidagi Shahtaxti qishlog‘ida tug‘ilgan. Uning otasi Aziz Aliyev turli mas’ul lavozimlarda — rektor va vazirdan tortib Markaziy Qo‘mita kotibi hamda Ozarbayjon SSR Vazirlar Soveti Raisining birinchi o‘rinbosarigacha — faoliyat yuritgan, yuqori intellekti va tashkilotchilik qobiliyati bilan katta obro‘ qozongan edi. Uning hayot yo‘li farzandlari uchun haqiqiy maktab bo‘lib xizmat qildi. Shunday oilada ulg‘aygan Zarifa xonim tengdoshlaridan mehnatsevarligi, mas’uliyatliligi, mehribonligi va olijanobligi bilan ajralib turardi. Bu oilaga xos ziyolilik, vatanga sadoqat kabi fazilatlar Zarifa xonimga ham o‘tgan.

 

1942-yilda u Ozarbayjon Davlat tibbiyot institutining davolash-profilaktika fakultetiga o‘qishga qabul qilinib, uni a’lo baholar bilan tamomladi. Kasbini yanada chuqur egallash maqsadida Moskva shahrida tahsilni davom ettirib, Butunittifoq markaziy vrachlar malakasini oshirish institutida malaka oshirish kurslarini o‘tdi.

 

Zarifa Aliyeva shifokorlik kasbini juda yuksak qadrlagan. U shifokorni quyoshga qiyoslab shunday degan: “Shifokor odamlar uchun quyoshdek zarur”.

 

1940–1950-yillarda Ozarbayjonda ko‘z kasalliklari, jumladan traxoma keng tarqalgan edi. Odamlarni bu kasallikdan qutqarish, shuningdek, ko‘zning kasbiy kasalliklari muammosi bo‘yicha fundamental tadqiqotlar olib borish, ularni samarali davolash usullarini va profilaktika choralarini ishlab chiqish zarur edi. Aynan shu davrda Zarifa Aliyeva Moskvadan qaytib keladi va 1949-yilda Ozarbayjon ilmiy-tadqiqot ko‘z kasalliklari institutida ilmiy xodim sifatida ish boshlaydi. Hayotning o‘zi yosh tadqiqotchining ilmiy izlanishlari mavzusini belgilab beradi va u o‘z ilmiy faoliyatining dastlabki bosqichini traxomani davolashga bag‘ishlaydi. U kasallik keng tarqalgan hududlarga boradi, oftalmolog shifokorlarga ma’ruzalar o‘qiydi va aholi o‘rtasida ma’rifiy suhbatlar olib boradi.

 

Ko‘p o‘tmay, Zarifa xonim traxomaning dastlabki bosqichlarida sintomitsinni qo‘llashda muvaffaqiyatli natijalarga erishdi. 1959-yilda o‘z tadqiqotlari yakuni sifatida “Traxomani boshqa davolash usullari bilan birgalikda sintomitsin yordamida davolash” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. U taklif etgan davolash usuli tez orada keng ko‘lamda amaliy sinovlarda qo‘llanildi va natijada respublikada traxoma deyarli butunlay yo‘qoldi.

 

1967-yildan boshlab Zarifa Aliyeva Ozarbayjon davlat vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasida faoliyatini davom ettirib, dotsent, professor va kafedra mudiri lavozimlarida ishlaydi. U oftalmologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan ko‘p yo‘nalishli ilmiy tadqiqotlar olib boradi. Ushbu muammolar orasida glaukomani va ko‘z a’zosi yallig‘lanish kasalliklarini tashxislash hamda davolash alohida o‘rin tutadi.

 

Uning e’tiborini ilmda kam o‘rganilgan soha — ko‘zning kasbiy patologiyasi jalb etadi. Zarifa xonim bu yo‘nalishning ilk tadqiqotchisi bo‘lgan. U dunyoda birinchi bo‘lib ko‘z a’zosi kasbiy patologiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini tashkil etadi va jahon fanida yangi yo‘nalish — kasbiy oftalmologiyaga asos soladi.

 

Boku maishiy konditsionerlar zavodida tashkil etilgan ushbu laboratoriyada ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bir qatorda yirik sanoat korxonalari xodimlarini davolash ishlari ham olib borilgan. Zarifa xonim Aliyeva o‘z tadqiqotlarining dastlabki natijalarini umumlashtirib, Moskvada “Ozarbayjon kimyo sanoati ishchilarida ko‘z a’zosi holati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1977-yilda unga tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasi berildi.

 

Ko‘p yillar davomida ushbu taniqli olima respublikaning yirik sanoat korxonalarida keng ko‘lamli ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi. Ushbu tadqiqotlar natijalari “Shina ishlab chiqarishda ko‘zning kasbiy patologiyasi”, “Surunkali yod intoksikatsiyasi sharoitida oftalmologiya” hamda “Yod sanoatida ko‘z kasalliklarining oldini olish” kabi qimmatli monografiyalarda o‘z ifodasini topdi. 1981-yilda kasbiy patologiya sohasidagi muvaffaqiyatli ilmiy tadqiqotlar va oftalmologiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun akademik Zarifa Aliyeva sobiq SSSR oftalmologiya sohasidagi eng nufuzli mukofot — SSSR Tibbiyot fanlari akademiyasining M. I. Averbax nomidagi mukofoti bilan taqdirlandi. U ushbu mukofotni olgan birinchi ayol olima bo‘ldi.

 

Mashhur oftalmolog Mixail Krasnov Zarifa xonimning tadqiqotlarini yuqori baholab, agar Zarifa Aziz qizi hayot bo‘lganida, u oftalmologiya sohasida yangi, mukammal maktabga rahbarlik qila olishi mumkin edi, deb ta’kidlagan.

 

“Virusli o‘tkir kon’yunktivitlar”, “Keratitlar, ko‘zning tomirli qavati, to‘r pardasi, ko‘ruv nervi kasalliklari, katarakta”, “Glaukoma va ko‘z gipertenziyasi”, “Ko‘rish a’zolarining shikastlanishlari”, “Ko‘z yoshi ajralishining fiziologiyasi va gistologiyasi”, “Qandli diabetda ko‘z kasalliklari”, “Ko‘z mikroxirurgiyasi”, “Qorachiq chetining adaptiv-himoya funksiyasi” — bu Zarifа Aliyevaning muallifligidagi o‘quv qo‘llanmalar va monografiyalarning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxatidir.

 

“Ko‘z yoshi ajralishining fiziologiyasi”, “Ko‘z yoshi yo‘llarini jarrohlik yo‘li bilan davolash”, “Ko‘z yoshi yo‘llarini davolashda yumshoq operatsiya” va boshqa ishlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. U shuningdek iridodiagnostika va iridoterapiya muammolarini tadqiq qilgan, iridodiagnostika bo‘yicha dunyodagi birinchi kitoblarni yozgan.

 

Mashhur oftalmologning “Shifokorning axloqiy tarbiyasi, deontologiya, tibbiy etika va axloq masalalari” nomli asari shifokor va bemor o‘rtasidagi munosabatlarning nozik jihatlariga, davolovchi shifokorning diagnostika va davolash jarayonidagi yetakchi roliga, shuningdek tibbiyot xodimlarining ta’limi va xulq-atvoriga bag‘ishlangan.

 

Jahon oftalmologiya fanining taniqli arboblarining Zarifa xonim Aliyeva haqidagi ayrim fikrlarini keltirish o‘rinlidir.

 

Akademik Arkadiy Nesterov: «Zarifa xonimni taniganlar uni sevmay iloji yo‘q edi. Ayollarga xos nafislik, muloyim xarakter, olijanoblik, o‘z oilasiga, do‘stlariga bo‘lgan katta mehr va baxt tuyg‘usi uning shaxsida ilmiy tibbiyotga bo‘lgan fidoyilik, maqsadga erishishdagi qat’iyat va mehnatsevarlik bilan uyg‘unlashib ketgan edi».

 

Moskva Ko‘z kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti direktori (1966–1986) Kseniya Trutneva: «Bunday tadqiqotlar hajmi va ahamiyati bilan ajralib turadi, katta mehnat talab qiladi, biroq ijtimoiy-iqtisodiy nuqtai nazardan ular o‘rnini bosib bo‘lmaydi. Ushbu noyob tadqiqotlar natijasida sog‘liq uchun zararli ishlab chiqarish sohalarida ishlovchilarning mehnat sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Zarifa xonimning tadqiqotlarining asosiy mohiyati aynan shundan iborat».

 

Professor Valentina Shmeleva: «Zarifa xonim oftalmolog shifokorlik mutaxassisligining chuqur bilimdoni edi, u ilmiy tadqiqotlarga ko‘p vaqt ajratar, oftalmologiyada yangi, juda murakkab va kam o‘rganilgan sohani tadqiq qilgan, ushbu turdagi kasalliklarning oldini olish va davolashga katta hissa qo‘shgan».

 

Professor, ilm-fan sohasida xizmat ko‘rsatgan arbob Nina Shulpina: «Zarifa xonimning olim, pedagog va shifokor sifatidagi iste’dodi o‘zining ko‘p qirrali va chuqurligi bilan odamlarni hayratga solardi. U o‘tkir aql, o‘ziga xos fikrlar va matbuotdagi yorqin chiqishlari bilan ajralib turardi. U insoniy yangiligi, samimiyligi, boshqalarga nisbatan hamdardligi va eng og‘ir damlarda ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlashi bilan umumiy hurmatga sazovor bo‘lgan. Zarifa xonim bilan muloqot qilish baxtiga muyassar bo‘lgan har bir inson uning insoniy fazilatlarini o‘zida his etgan».

 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Pyusta Melikaslanova: «Zarifa xonim mening xotiramda yuksak dunyoqarashga ega mutaxassis, chuqur tadqiqotchi, qiziqarli inson va aqlli suhbatdosh sifatida qolgan. U o‘zining nozik hazilkashligi va o‘ta yuksak intellektual madaniyati bilan yodda qolgan. Uning vijdoni pok va beg‘ubor edi. U yoshlikdan kiygan oq xalatini ham hayoti oxirigacha hech qanday dog‘siz, beg‘ubor saqlab qoldi. Xalq va bemorlar oldidagi burchini muqaddas deb bilgan holda, u ko‘p yillar davomida tibbiyot faniga xizmat qildi va shu tariqa yosh avlod oftalmologlari uchun idealga aylandi».

 

Akademik Zarifa Aliyeva boy ilmiy meros qoldirdi: 150 dan ortiq ilmiy ish, 10 ta monografiya, 12 ta ratsionalizatorlik taklifi hamda o‘quv qo‘llanmalar. Uning yana bir muhim xizmati — yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashdir. Zarifa xonimning rahbarligi va homiyligi ostida yosh olimlar va oftalmologlarning katta avlodi yetishib chiqdi. Ozarbayjon oftalmologiya fanini dunyoga tanitgan Zarifa Aliyeva ochgan yo‘l yil sayin kengayib bormoqda, uning boy ilmiy merosi va pedagogik faoliyati muntazam ravishda tadqiq etilib, o‘rganilib, ko‘plab ilmiy ishlarning mavzusiga aylanmoqda.

 

Zarifa xonim bugungi kunda ham insonlarga nur baxsh etgan oftalmolog shifokor, fanga fidoyilik bilan xizmat qilgan inson, olim-vatanparvar, olijanob shaxs hamda, albatta, Ozarbayjon ayolining timsoli, sadoqatli umr yo‘ldoshi va fidoyi ona sifatida xotirada yashaydi. U umrini doimiy kurashda o‘tkazgan Haydar Aliyevning rafiqasi edi. Ular hayot yo‘lini doimo birga bosib o‘tib, qiyinchiliklarni ham birgalikda yengib kelishgan. Buyuk lider shunday degan edi: «U shunchaki rafiqam emas edi, u mening do‘stim va suyanchim edi. Ishimning eng og‘ir davrlarida men oilam uchun doim xotirjam bo‘lardim, chunki Zarifa Aliyeva kabi sodiq, g‘amxo‘r, fidoyi ona bor edi».

 

Zarifa xonim nozik yelkasida oila yukini matonat bilan ko‘targan holda, o‘z vatani uchun munosib farzandlarni tarbiyaladi.

 

Bu o‘rinda Prezident Ilhom Aliyevning so‘zlarini eslash o‘rinlidir: «Bizning oilamizdagi muhit, ota-onamiz o‘rtasidagi munosabatlar, albatta, bizning tarbiyamizga ham ta’sir qilgan. Ya’ni biz oilada ota-onamizning munosabatlarini ko‘rib tarbiya olganmiz. 1970-yillarda — Haydar Aliyev Ozarbayjonda birinchi kotib lavozimida ishlagan davrda — uning rafiqasi, albatta, turli imtiyoz va imkoniyatlarga ega bo‘lishi mumkin edi. Ammo Zarifa xonim juda sodda inson edi, hech qachon o‘zini Haydar Aliyev — birinchi kotibning rafiqasi sifatida ko‘rsatmagan. Uning yonida doimo oddiy odamlar bo‘lgan. U har doim oddiy insonlar davrasida bo‘lgan. Juda kamtar edi».

 

Shafqatsiz o‘lim akademik Zarifa Aliyevaning oilasi va u hayotdan ham ortiq sevgan insonlarini undan ayirdi. 62 yil umr ko‘rgan Zarifa xonim olim va inson sifatida kamolot cho‘qqisiga ko‘tarildi. Bu buyuk insonning shonli va yorqin hayot yo‘li har bir Ozarbayjon fuqarosi, har bir olim va har bir shifokor uchun hayot va ma’naviyat maktabi hisoblanadi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"