Yevropa “aqlli” snayper o‘qi ishlab chiqmoqda
O'q otish aniqligida yangi davr boshlanmoqda.

Yevropada ilg‘or harbiy texnologiyalar yo‘nalishida muhim qadam tashlandi. Franko-Germaniya Sent-Luis tadqiqot instituti (ISL) yangi avlod snayper o‘qini ishlab chiqishni e’lon qildi. I-SMART (ISL Sniper Munition Actuated to Reach Target) nomi bilan tanilgan ushbu loyiha snayper zarbalarining aniqligini keskin oshirishga qaratilgan.
Mazkur o‘q diametri 12,7 millimetr bo‘lib, u turli ilg‘or komponentlar — optik tizimlar, navigatsiya elektronikasi, elektr manbai va aloqa qurilmalari bilan jihozlanishi ko‘zda tutilgan. Muhandislar bu orqali o‘qning parvozi davomida yerda joylashgan snayper stansiyasi bilan aloqa o‘rnatishi va yo‘nalishini real vaqtda to‘g‘rilashi mumkin bo‘lishini rejalashtirishmoqda. Bu texnologiya zarba aniqligini inqilobiy darajada oshirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, bu hajmdagi o‘q ichiga bunday murakkab elektronika o‘rnatish texnik jihatdan nihoyatda murakkab vazifa bo‘lib qolmoqda. O‘q uzunligi atigi 54 millimetr bo‘lsa-da, ichki elementlar otish vaqtida yuzaga keladigan kuchli tezlashuvga bardosh berishi lozim. Biroq loyiha allaqachon bosqichma-bosqich sinovlarga kirishgan — ba’zi komponentlar shamol tunnelida muvaffaqiyatli tekshiruvdan o‘tkazilgan. Bu esa harbiy texnologiyalar tarixida yangi sahifaning ochilishidan darak bermoqda.







