Yaponiyada ob-havo prognozlari AI yordamida aniqlanadi
Hozirda sun’iy intellekt tizimi moslashuv bosqichida.

Yaponiyaning Meteorologiya agentligi ob-havo prognozlarini yanada aniqlashtirish maqsadida sun’iy intellekt (AI) texnologiyasini qo‘llashni boshladi. AI texnologiyasi ob-havo bashoratlarida, jumladan tayfunlar, yog‘ingarchilik va favqulodda holatlarni oldindan aniqlashda samarali bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi tizim chuqur o‘rganish (deep learning) asosida ishlaydi va tarixiy ob-havo ma’lumotlari bilan birga real vaqtdagi kuzatuvlarni tahlil qilib, aniq prognozlar ishlab chiqadi. Bu metod sun’iy intellektga vaqt o‘tishi bilan ob-havo sharoitlarini yaxshiroq tushunish imkonini beradi.
Birinchi bosqichda sun’iy intellekt mavjud superkompyuter tizimlari bilan birgalikda ishlaydi. Bu texnologiya sinoptik mutaxassislarni to‘liq almashtirishga qaratilmagan, balki ularga kuchli tahliliy vositalar taqdim etish maqsad qilinmoqda. Yangi tizim ayniqsa tayfun yo‘nalishini, yomg‘ir ehtimolini aniqlash va noodatiy iqlim holatlarini prognoz qilishda foydali bo‘ladi.
Aprel oyida maxsus ishchi guruh tashkil etilgan bo‘lib, iyun oyida texnologiyani to‘liq joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar e’lon qilinadi. Hozirda sun’iy intellekt tizimi moslashuv bosqichida, biroq yapon mutaxassislarining fikricha, bu algoritmlar yaqin kelajakda ob-havo bashoratlarini sezilarli darajada takomillashtiradi.







