Kubik-rubik yig‘ish bo‘yicha yangi rekord qo'yildi
AQShda robot inson ko‘z ochib-yumgunga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida kubik-rubikni yig‘di.

Amerikaning Purdue universitetining talabalari 0,103 soniyada kubik-rubikni yig‘gan Purdubik robotini yaratdilar.Bu tezlik insonning bir marta ko‘zini ochib yumishidan ham tezroq, shuning uchun ushbu jarayonni faqat sekinlashtirilgan videoda ko‘rish mumkin.
Ushbu yutuq Ginnes rekordlari kitobiga kiritilib, avvalgi rekord – Mitsubishi Electric kompaniyasining 0,305 soniyalik natijasini ancha ortda qoldirdi.
Robot ranglarni aniqlashda mashinali ko‘rish texnologiyasi va optimallashtirilgan algoritmlar yordamida ishlaydi. Garchi loyiha asosan texnik imkoniyatlarni namoyish qilishga qaratilgan bo‘lsa-da, bunday tizimlar real sanoat sohalarida – mahsulotlarni yig‘ish va qadoqlash kabi jarayonlarda keng qo‘llanilishi mumkin.
Aytish joizki, insonlar orasidagi rekord Xitoylik 11 yoshli bola tomonidan o‘rnatilgan bo‘lib, u kubikni 3,08 soniyada yig‘ishga erishgan.







