Hi-Tech

Saudiyada dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochildi

Hozirda xizmat bepul taqdim etilmoqda.

Saudiyada dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochildi

2025-yil aprel oyidan boshlab Saudiyaning sharqiy Al-Ahsa mintaqasida sun’iy intellektga asoslangan birinchi klinika o‘z faoliyatini boshladi. Klinikani Xitoyning Shanxayda joylashgan tibbiy texnologiyalar kompaniyasi Synyi AI Almoosa Health Group bilan hamkorlikda ochdi.

 

Ushbu innovatsion klinikada bemorlarni "Dr. Hua" deb nomlangan sun’iy intellekt shifokori qabul qiladi. U bemor alomatlarini planshet orqali qabul qilib, yurak faoliyati grafiklari, rentgen tasvirlari kabi ma’lumotlarni tahlil qiladi. Dr. Hua tayyorlagan davolash rejalari inson shifokori tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

 

Hozircha xizmat bepul taqdim etilmoqda va faqatgina nafas yo‘llari bilan bog‘liq 30 ga yaqin kasalliklarni — masalan, astma va faringitni — davolash bilan cheklangan. Synyi AI kelgusi yilda bu ro‘yxatni 50 ta kasallikka yetkazishni, shuningdek, boshqa Saudiya kasalxonalari bilan hamkorlikda yangi sun’iy intellekt klinikalarini ochishni rejalashtirmoqda.

 

Synyi AI kompaniyasi 2016-yilda tashkil topgan bo‘lib, Tencent, Hongshan Capital, GGV Capital va Xitoy mahalliy hukumatlari tomonidan moliyalashtirilgan. U Xitoyda 800 dan ortiq shifoxona va ilmiy muassasalar bilan ishlagan. Saudiya esa kompaniya uchun birinchi xalqaro bozor hisoblanadi.

Saudiyada dunyodagi birinchi shifokorlarsiz klinika ochildi | Zamon.uz