Hi-Tech

Qozog'iston Markaziy Osiyodagi eng kuchli kompyuterga ega bo'ldi

U sun’iy intellekt va hisoblash vazifalari uchun mo‘ljallangan.

Qozog'iston Markaziy Osiyodagi eng kuchli kompyuterga ega bo'ldi

2025-yil 19-may kuni Qozog‘istonga Markaziy Osiyodagi eng kuchli superkompyuter yetkazib berildi. U deyarli 2 exaflops quvvatiga ega bo‘lib, sun’iy intellekt va yuqori samarali hisoblash vazifalari uchun mo‘ljallangan. Ushbu tizim NVIDIA kompaniyasining eng so‘nggi H200 grafik tezlatkichlariga asoslangan.

 

Superkompyuter Qozog‘iston Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligiga qarashli yangi Tier III darajadagi ma’lumotlar markaziga o‘rnatiladi. Markaz yuqori ishonchlilik va uzluksiz ishlash imkoniyatini ta’minlaydi.

 

Resurslardan foydalanish quyidagilar uchun ochiq bo‘ladi:

 

startaplar — neyron tarmoqlarni o‘rgatish uchun;

 

universitetlar — amaliy va fundamental tadqiqotlar uchun;

 

tadqiqot markazlari va kompaniyalar — biznes jarayonlariga sun’iy intellektni joriy qilish uchun.

 

Superkompyuter salohiyatidan sog‘liqni saqlash, energetika, ta’lim va davlat xizmatlari sohalarida foydalanish rejalashtirilmoqda.

 

Bundan tashqari, Qozog‘istonda birinchi marta yuqori texnologiyali uskunalarni bojxona to‘lovlarisiz va QQSsiz olib kirish mexanizmi joriy qilindi. Bu choralar xalqaro IT-kompaniyalar va ma’lumotlar markazi operatorlari uchun mamlakat jozibadorligini sezilarli darajada oshiradi.

 

Raqamli rivojlanish vaziri Jaslan Madiev ushbu tashabbusni “Qozog‘istonning raqamli infratuzilmasini yaratishda strategik qadam” deb atadi va bu mamlakatning raqamli suverenitetini mustahkamlab, mintaqadagi sun’iy intellekt texnologiyalari va global IT-sohada yetakchi mavqeyini mustahkamlaydi, deya ta’kidladi.

 

Mazkur loyiha 2029-yilgacha mo‘ljallangan sun’iy intellektni rivojlantirish konsepsiyasining bir qismi bo‘lib, Qozog‘istonni zamonaviy IT-infratuzilmaning asosiy elementiga aylantirishga xizmat qiladi.

Qozog'iston Markaziy Osiyodagi eng kuchli kompyuterga ega bo'ldi | Zamon.uz