Hi-Tech

Abu-Dabida haydovchisiz robotaksi sinovi boshlandi

Avtomobillar mutlaqo mustaqil harakatlanadi.

Abu-Dabida haydovchisiz robotaksi sinovi boshlandi

Xitoyning WeRide kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan to‘liq haydovchisiz robotaksilar endi Abu-Dabining umumiy foydalanishdagi yo‘llarida sinovdan o‘tkazilmoqda. E’tiborga molik jihati — bu avtomobillar mutlaqo mustaqil ishlaydi, ya’ni sinov davomida haydovchi-instruktor umuman ishtirok etmaydi. WeRide kompaniyasining bu qadamini ekspertlar Yaqin Sharq mintaqasidagi transport texnologiyalari rivojida yangi davr sifatida baholamoqda.

 

Sinovlar dastlab Yas va Saadiyat orollarida amalga oshirilgan bo‘lsa, endilikda ular Abu-Dabining Al-Marya va Al-Rim kabi markaziy hududlariga ham kengaytiriladi. Bu esa yangi texnologiyalarning jamoat transporti infratuzilmasiga tobora chuqurroq kirib borayotganini ko‘rsatadi. Kompaniya 2023 yilda Birlashgan Arab Amirliklarida haydovchisiz transport vositalari uchun milliy litsenziyani qo‘lga kiritgan bo‘lib, bu WeRide’ga mamlakat bo‘ylab sinovlar o‘tkazish imkonini berdi.

 

2024 yil dekabrida WeRide Uber bilan hamkorlikda Abu-Dabida eng yirik tijorat tashabbuslaridan birini yo‘lga qo‘ydi. Natijada robotaksi xizmatining umumiy yo‘lovchilar uchun ishga tushirilishi 2025 yil yoziga rejalashtirilgan. WeRide loyihasi ilk bor 2020 yilda Xitoyning Shenchjen shahrida ishga tushgan. Tesla esa bu yo‘nalishda raqobatni kuchaytirish maqsadida o‘zining “robofurgon” va robotaksi loyihalarini jamoatchilikka taqdim qilgan edi.

Abu-Dabida haydovchisiz robotaksi sinovi boshlandi | Zamon.uz