Semirishning diabet bilan bog'liq emasligi isbotlandi
Olimlar qandli diabetning miyada boshlanishi mumkinligini aniqladi.

Olimlar 2-toifa diabetning sabablari bo‘yicha yangi yondashuvni taklif qilishdi. Vashington universiteti olimlari gipotalamusdagi AgRP neyronlarining faolligi qondagi qand miqdoriga bevosita ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aniqladi. Bu haqda Journal of Clinical Investigation jurnali xabar berdi.
AgRP neyronlari gipotalamusning kamar yadrosida joylashgan bo‘lib, ishtaha va energiya muvozanatini boshqaradi. Tadqiqotchilar genetik aralashuv orqali bu neyronlarni vaqtincha faoliyatsizlantirdi va diabetik sichqonlarda bir hafta ichida qand darajasi normal holatga tushganini kuzatishdi. Muhimi shundaki, bu o‘zgarish sichqonlarning vazni yoki ovqat iste’moliga ta’sir qilmagan.
Shuningdek, insulin darajasi pasaygani, jigar glikogen miqdori oshgani, ammo jigar yog‘i yoki glyukoneogenez genlari o‘zgarmagani aniqlangan. Bu esa miyaning metabolizm ustidan mustaqil nazorat qilishi mumkinligini ko‘rsatadi.
"Bu topilmalar semirish va diabet har doim bir-biriga bog‘liq degan tushunchani shubha ostiga qo‘yadi", — deydi doktor Maykl Shvarts.
Tadqiqot GLP-1 retseptori agonistlari, masalan, Ozempik, AgRP neyronlariga ta’sir qilishi mumkinligini ham eslatadi. Bu ularning vazn yo‘qotishdan tashqari qanday qilib qand miqdorini kamaytirishini tushuntiradi.
Mutaxassislar bu natijalar diabetni faqat semirish bilan bog‘liq emas, balki miya faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq holat sifatida qayta baholanishi kerakligini ta’kidlashmoqda. Yangi yondashuv kelajakda diabetni davolashda inqilobiy yutuqlarga olib kelishi mumkin.







