Toshkentda 7 ta metro bekati vaqtincha yopiladi
3 oy muddatga mo‘ljallangan profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda.

Yer usti halqa yo‘li yo‘nalishining “Texnopark – Qipchoq” (14 ta bekatlardan iborat) bekatlari oralig‘ida bosqichma-bosqich 3 oy muddatga mo‘ljallangan rejali profilaktik ishlari amalga oshirilmoqda.
Rejali profilaktik ishlarni keyingi navbatini amalga oshirish uchun 2025 yil 28 iyun sanasida boshlab “Quruvchilar (12-bekat) - Yangiobod (6-bekat)” bekatlari oralig‘ida metro poyezdlar harakati to‘xtatiladi.
"Mazkur bekatlar oralig‘i navbatma-navbat yopiladi. Masalan, avvalroq, 14 bekatdan ikkitasi yopilgan edi: Turon-Qipchoq bekatlari orasi. Endi ishlarni jadallashtirib, keyingi bosqichga o‘tdik. Bunda, Quruvchilar bekatidan Yangiobod bekatigacha, yaʼni 12-bekatdan 6-bekatgacha yopiladi", - deydi “Toshkent metropoliteni” DUK matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev.
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga noqulaylik hosil qilmaslik maqsadida, “Qipchoq–Yangiobod–Qipchoq” metro bekatlari oralig‘ida bepul xizmat ko‘rsatuvchi katta sig‘imli avtobuslar (metrobus) harakati yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu avtobuslarning kunlik ish vaqti tongi 05:00 dan tungi 23:00 ga qadar amalga oshiriladi.







