Buxoroning tarixiy hududida elektroskuter va elektrosamokatlardan foydalanish cheklanadi
Yangi tartib 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi.

Buxoro shahrining tarixiy qismida elektroskuter, elektrosamokat va ayrim boshqa individual harakatlanish vositalaridan foydalanishga cheklov joriy etiladi. Yangi tartib 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kiradi. Tegishli qaror Buxoro shahar hokimi tomonidan qabul qilingan.
Cheklov Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambli, Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab Labi Hovuz ansambligacha bo‘lgan hududda amal qiladi.
Mazkur hududda elektroskuter va elektrosamokatlardan tashqari riksha, moped, to‘rt g‘ildirakli velosiped, karting, shuningdek, ot va tuyada harakatlanish ham cheklanadi.
Qarorda ushbu hududda yo‘lovchi tashish talablariga javob bermaydigan va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan transport vositalari soni keskin oshgani qayd etilgan. Bu holat sayyohlar va ekskursantlarning xavfsiz harakatlanishiga xavf tug‘dirayotgani, shuningdek, piyodalarning jarohatlanishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlangan.
Mas’ul tashkilotlarga cheklov amal qiladigan hududning kirish va chiqish joylariga tegishli axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l belgilarini o‘rnatish topshirilgan. Shuningdek, hududda faoliyat yurituvchi jismoniy va yuridik shaxslarni yangi tartib haqida oldindan xabardor qilish belgilangan.
Mazkur vositalarda xizmat ko‘rsatuvchi yoki faoliyat yurituvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga esa Yangi O‘zbekiston bog‘i yoki Boqiy Buxoro bog‘i kabi maxsus hududlarda belgilangan tartibda xizmat ko‘rsatish imkoniyati tushuntiriladi.








