Qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar rag‘batlantiriladi
Xorijiy investorlar endi yerga ham sarmoya kiritadi.

O‘zbekiston Prezidenti tomonidan “Mamlakatimizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etishni rag‘batlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon imzolandi. Hujjat bilan xorijiy sarmoyadorlar uchun yana bir yangi yo‘nalish – qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish sohasi investitsiyalar uchun imtiyozli tarmoqlar ro‘yxatiga kiritildi.
Bu degani, endilikda xorijiy investorlar O‘zbekiston hududida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan shug‘ullanishda soliq va kredit imtiyozlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi.
Imtiyozli yo‘nalishlarga qishloq xo‘jaligi ham qo‘shildi.
Hozirgacha xorijiy investitsiyalar uchun imtiyozlar quyidagi sohalarda amal qilgan:
- Radioelektron va kompyuter sanoati,
- Yengil sanoat (gazlama, poyabzal, tikuvchilik, teri mahsulotlari),
- Ipakchilik,
- Qurilish materiallari,
- Parrandachilik,
- Oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash (ichimlik va tamaki bundan mustasno),
- Go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarish,
- Kimyo va farmatsevtika sanoati.
Endilikda ularga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish yo‘nalishi ham qo‘shildi.
Chorvachilik uchun kredit yengilliklari
Farmon asosida chorvachilik uchun ozuqabop ekinlar yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi subyektlariga – fermer va dehqon xo‘jaliklariga – har bir gektar uchun 15 million so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bu mablag‘lar 6 oy muddatda, Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizda (2 foizi bank marjasi) ajratiladi.
Soliq kodeksida belgilangan alohida imtiyozlar Toshkent shahri va Toshkent viloyatining 1–3 toifadagi tuman va shaharlaridan tashqari, qolgan barcha hududlardagi sarmoyadorlarga tatbiq etiladi.
Prezident farmonida ta’kidlanishicha, bu o‘zgarishlar mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash, ishlab chiqarish va xizmatlar sohasiga sarmoya jalbini kengaytirish, shuningdek, xorijiy investorlar uchun ishonchli huquqiy himoya va kafolatlarni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.







