Toshkentda mashinasida narkotik tashiyotgan shaxs ushlandi
Uning avtomobilidan 5 kg giyohvandlik vositasi topilgan.

Toshkent shahrida Spark avtomobilida 5 kilogramm giyohvandlik moddasini olib ketayotgan haydovchi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa poytaxtning Yunusobod tumanida sodir bo‘lgan. Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Spark rusumli avtomobilni to‘xtatib, uning old qismini ko‘zdan kechirgan. Mashinadan polietilen paketlarga o‘ralgan 5 kilogramm giyohvandlik vositalari topilgan.
Surishtiruv davomida gumonlanuvchining sherigi borligi aniqlangan va uning uyi ham tekshirilgan. Xonadondan olti o‘ramda bir necha turdagi narkotik moddalar topilgan.
Qayl etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda jami 5 kilogramm 370 gramm giyohvandlik moddalari tarqalishining oldi olingan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, gumonlanuvchilar qamoqqa olingan.







