Osiyoda energiya inqirozi: Eron urushi ta’minot zanjirlarini izdan chiqardi
Xom neft narxining oshishi transport, ishlab chiqarish va kundalik iste’mol xarajatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Osiyo mamlakatlarida Eron bilan bog‘liq harbiy keskinlik ortidan yuzaga kelgan energiya inqirozi kundalik iste’mol mahsulotlaridan tortib yirik sanoat tarmoqlarigacha jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, pivo, chips, tez tayyorlanadigan lag‘mon, o‘yinchoqlar va kosmetika kabi mahsulotlar ishlab chiqarishda uzilishlar kuzatilib, narxlar keskin oshmoqda.
Mutaxassislar muammoning asosiy manbalaridan biri sifatida Eron janubiy qirg‘oqlari yaqinidagi Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakatining cheklanayotganini keltirmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi uzilishlar, ayniqsa, Yaqin Sharqdan energiya resurslariga yuqori darajada bog‘liq bo‘lgan Osiyo davlatlari uchun sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Janubiy Koreyada plastmassa mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar xomashyo narxlarining 50 foizgacha oshgani va ayrim materiallar umuman topilmayotganini bildirgan. Natijada ayrim zavodlar ishlab chiqarishni odatdagi hajmni 20–30 foizigacha qisqartirishga majbur bo‘lgan. Korxona vakillarining qayd etishicha, bu darajadagi bosim ilgari kuzatilmagan.
Eng katta tanqislik neftdan olinadigan mahsulotlar, xususan nafta bilan bog‘liq. Ushbu modda plastmassa va boshqa neft-kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishda asosiy xomashyo hisoblanadi. Shu bois plastmassa va rezina narxlari allaqachon rekord darajaga yetgan.
Bu holat oziq-ovqat va kosmetika sanoatiga ham bevosita ta’sir qilmoqda. Janubiy Koreyaning yirik oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilari qadoqlash materiallari yetishmovchiligi xavfi haqida ogohlantirgan.
Kosmetika sanoatida esa plastik idishlar ishlab chiqaruvchilari xomashyo zaxiralarini topish uchun shoshilinch choralar ko‘rmoqda. Ularning ta’kidlashicha, muammo narxda emas, balki materialning o‘zini topishda.
Yaponiyada ayrim oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi ham vaqtincha to‘xtatilgan. Xususan, chips ishlab chiqaruvchi korxona qovurish jarayonida zarur bo‘lgan yonilg‘i tanqisligi sabab faoliyatini to‘xtatgan. Savdo tarmoqlari esa inqiroz davom etsa, kiyim-kechak va maishiy texnika narxlari ham oshishi mumkinligini bildirmoqda.
Xitoyda esa sintetik rezina ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xomashyo tanqisligi kuzatilmoqda. Tahlillarga ko‘ra, aprel oyida ishlab chiqarish hajmi qariyb uchdan biriga kamayishi mumkin. Bu esa shinalar va boshqa rezina mahsulotlari narxiga ta’sir qilishi kutilmoqda.
Hindistonda plastik idishlar narxining oshishi tufayli qadoqlangan ichimlik suvi qimmatlashgan. Shuningdek, gaz tanqisligi pivo ishlab chiqaruvchilarning ham narxlarni oshirish ehtimolini oshirmoqda.
Mutaxassislar fikricha, xom neft narxining oshishi transport, ishlab chiqarish va kundalik iste’mol xarajatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa global miqyosda inflyatsion bosimni kuchaytiradi.
Ayni paytda, ayrim mamlakatlarda aholining vahimali xaridlari ham kuzatilmoqda. Janubiy Koreyada supermarketlarda axlat qoplari va boshqa plastmassa mahsulotlari tanqisligi yuzaga kelib, savdoga cheklovlar joriy etilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar harbiy keskinlik yaqin oylar ichida bartaraf etilmasa, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar yanada chuqurlashib, narxlar o‘sishi davom etishi mumkin.







