O'zbekiston

OAVlar 3 yilga daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin

O‘zbekistonda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yillik 40 mlrd so‘mlik jamg‘arma tashkil etilishi rejalashtirilmoqda, 2026-yildan boshlab davlat mukofoti yoki “Oltin qalam” mukofoti sovrindori bo‘lgan jurnalistlarga uy-joy ijara xarajatlarini qoplash taklif etilmoqda.

OAVlar 3 yilga daromad solig‘idan ozod etilishi mumkin

O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalari va jurnalistika sohasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan prezident qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi

 

Hujjatda OAVlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari joriy etish, OAV va jurnalistika faoliyatini qo‘llab-quvvatlash milliy jamg‘armasini tashkil etish, nodavlat telekanallarni moliyalashtirish hamda jurnalistlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish nazarda tutilgan.

 

OAVlar uchun soliq va bojxona imtiyozlari

 

Loyihaga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan 2029-yil 31-dekabrgacha ommaviy axborot vositalarini yuridik shaxslar foyda solig‘idan ozod etish taklif qilinmoqda.

 

Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan va tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan poligrafiya uskunalari, zamonaviy foto, radio va televideniye jihozlari hamda qog‘oz mahsulotlarini mamlakatga olib kirishda bojxona boji undirilmasligi ko‘zda tutilgan.

 

Davlat organlari va tashkilotlari ta’sis etgan davriy nashrlar faoliyatidan ularning hisob raqamlariga tushadigan mablag‘larni barcha turdagi soliqlardan ozod etish ham taklif etilmoqda.

 

Bundan tashqari, davlat organlari va tashkilotlariga o‘zlari ta’sis etgan davriy bosma nashrlarning elektron versiyalari va mobil ilovalarini yaratish huquqini berish rejalashtirilgan. Bu ishlar davlat budjeti, budjetdan tashqari mablag‘lar va boshqa qonuniy manbalar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

 

Har yili 40 mlrd so‘mlik subsidiya oladigan jamg‘arma tashkil etiladi

 

Loyihada O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan OAV va jurnalistika faoliyatini qo‘llab-quvvatlash milliy jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan.

 

Jamg‘armaning asosiy moliyalashtirish manbasi sifatida davlat budjetidan har yili 40 milliard so‘m subsidiya ajratish taklif qilinmoqda.

 

Shuningdek, jamg‘arma mablag‘lari Jurnalistlar uyushmasi a’zolari, yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy badallari, xalqaro moliya institutlari va xorijiy donorlarning grantlari hamda kreditlari, depozitlardan olinadigan daromadlar va boshqa qonuniy manbalar hisobidan shakllantirilishi mumkin.

 

Loyihaga ko‘ra, jamg‘arma mablag‘lari Jurnalistlar uyushmasi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini moliyalashtirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, binolarni ta’mirlash va saqlash, xodimlarning ish haqi, ustama va mukofotlarini to‘lashga yo‘naltiriladi.

 

Shuningdek, “Oltin qalam” milliy mukofoti, faol jurnalistlarni rag‘batlantirish dasturlari, davriy bosma nashrlarning rasmiy sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini rivojlantirish ham jamg‘arma hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.

 

Nodavlat telekanallarga grant va davlat buyurtmalari beriladi

 

Qaror loyihasida nodavlat teleradiokanallarini jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash amaliyotini joriy etish taklif etilmoqda.

 

Mablag‘lar O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi va Milliy media assotsiatsiyasi tavsiyalari asosida tanlov orqali grantlar, davlat buyurtmalari va maqsadli moliyalashtirish shaklida ajratilishi rejalashtirilgan.

 

Qo‘llab-quvvatlash asosan ijtimoiy-ma’rifiy loyihalar, milliy qadriyatlar, ta’lim, huquqiy madaniyat, sog‘lom turmush tarzi, oila, yoshlar va hududlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan media loyihalarga yo‘naltiriladi.

 

Shuningdek, moliyalashtirilgan loyihalar uchun monitoring, hisobot berish va natijadorlikni baholash tizimini joriy etish nazarda tutilmoqda.

 

Jurnalistlar va talabalar uchun yangi rag‘batlantirish mexanizmlari

 

Loyihada Jurnalistlar uyushmasi a’zolarini rag‘batlantirish bo‘yicha qator choralar ham ko‘zda tutilgan.

 

Jumladan:

  • har chorakda OAVda chop etilgan 20 ta eng dolzarb material muallifiga BHMning 30 baravari (12,36 mln so‘m) miqdorida mukofot berish;
  • har yili 100 ta eng yaxshi tahliliy material uchun tanlov o‘tkazib, har bir material muallifini 100 BHM (41,2 mln so‘m) bilan taqdirlash;
  • jurnalistika yo‘nalishida tahsil olayotgan 50 nafar iqtidorli talabaga kontrakt pullarini qoplash (bir talaba uchun 40 BHM yoki 16,48 mln so‘mgacha);
  • korrupsiya muammolarini o‘rganishga bag‘ishlangan “Jurnalistik yechimlar” dasturi doirasida har yili 12 ta material uchun 150 BHM (61,8 mln so‘m) miqdorida grant ajratish;
  • Jurnalistlar uyushmasining samarali ishlayotgan 300 nafar a’zosi uchun kamida 50 mln so‘mlik hayot sug‘urtasi badallarini to‘lash.

 

Shuningdek, 2026-yildan boshlab davlat mukofoti yoki “Oltin qalam” mukofoti sovrindori bo‘lgan jurnalistlarga uy-joy ijara xarajatlarini qoplash taklif etilmoqda. Bunda Toshkent shahrida oyiga 10 BHMgacha, viloyatlar va Qoraqalpog‘istonda esa 5 BHMgacha kompensatsiya berilishi mumkin.

 

Jurnalistlar uyushmasining yangi vakolatlari

 

Hujjatga ko‘ra, uyushmaga o‘z a’zolari ishtirokidagi nizolarni sudgacha hal etish jarayonlarida qatnashish huquqini berish taklif qilinmoqda. Shuningdek, davlat organlari, tashkilotlar yoki ularning mansabdor shaxslari jurnalistlar va uyushma a’zolari faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan sudga murojaat qilgan hollarda, tashkilot yopiq sud majlislaridan tashqari sud muhokamasining istalgan bosqichida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi.

 

Bundan tashqari, uyushmaga Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi orqali OAVlar uchun subsidiya, grant va ijtimoiy buyurtmalar ajratish bo‘yicha takliflar kiritish vakolatini berish rejalashtirilmoqda.

 

Uyushmaning moddiy texnik-bazasi

 

Loyihada uyushmaning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qator tashabbuslar ham o‘rin olgan. Xususan, “Biznesni rivojlantirish banki”ning Jurnalistlar uyushmasi huzuridagi “Do‘stlar klubi” faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tashabbusini ma’qullash taklif etilmoqda. Bank uyushmaning moddiy-texnik bazasini rivojlantirish, zamonaviy media studiya tashkil etish hamda xodimlar va a’zolarni rag‘batlantirish uchun har yili homiylik yordami ko‘rsatishi mumkin.

 

Shuningdek, Toshkent shahar hokimligiga 2026-yil 31-dekabrgacha Shayxontohur tumanidagi Navoiy ko‘chasi 16-uyda joylashgan binoni kapital ta’mirlash va matbuot anjumanlari sifatini oshirish maqsadida zamonaviy texnika bilan jihozlash taklif etilgan.

 

Jurnalistlar uyushmasini Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi Matbuotchilar ko‘chasi 32-uyda joylashgan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirish ham rejalashtirilmoqda.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga esa 2026-yil 1-avgustdan boshlab mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan uyushmaning hududiy bo‘linmalariga har yili BHMning 3000 baravarigacha, ya’ni 1,24 mlrd so‘mgacha subsidiya ajratish tavsiya etilmoqda.

 

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Soyliq qo‘rg‘onida joylashgan “Oqtosh” ijod uyini rekonstruksiya qilish loyihasini 2026-yil yakuniga qadar tugallab, obyektni OAVlar uchun kontent tayyorlash markaziga aylantirish ko‘zda tutilgan.

 

Loyihada “Oqtosh” ijod uyi hududida Jurnalistlar uyushmasi a’zolari uchun sanatoriy, reabilitatsiya va sog‘lomlashtirish markazini tashkil etish taklifi ham ilgari surilgan.

 

Faktcheking va zamonaviy jurnalistika ta'limi

 

Loyihada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolash, korrupsiya mavzusida ishlayotgan jurnalistlarni tazyiq va tahdidlardan huquqiy himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratish nazarda tutilgan.

 

Oliy ta’lim vazirligi, OAV uchun kontent tayyorlash markazi va Jurnalistlar uyushmasiga sun’iy intellekt, huquqiy asoslar va zamonaviy jurnalistika metodlarini qamrab olgan yangi o‘quv dasturini ishlab chiqish topshirilmoqda. Uni 2028/2029 o‘quv yilidan joriy etish rejalashtirilgan.

 

Raqamlashtirish vazirligi esa sun’iy intellekt yordamida yaratilgan noqonuniy kontent va yolg‘on ma’lumotlarni aniqlashga mo‘ljallangan faktcheking platformasini yaratishda Jurnalistlar uyushmasiga ko‘maklashishi kerak bo‘ladi.

 

Shuningdek, dolzarb ijtimoiy mavzularni muhokama qilish maqsadida “Jurnalistlar va blogerlar klubi”ni tashkil etish ham taklif etilgan.

custom img

O‘zbekistonda “voyenkomat”lar tugatilayotgani yo‘q — Mudofaa vazirligi

Vazirlik mamlakatda mudofaa ishlari organlari faoliyati tugatilmayotganini, aksincha, tizim zamonaviy talablar asosida takomillashtirilayotganini bildirdi.

custom img

"Miyam o‘chib qoldi": Toshkentda bir nechta mashinaga urilgan Cobalt haydovchisi holatga izoh berdi

Hodisadan so‘ng haydovchi shahar ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasiga joylashtirilgan.

custom img

Surxondaryoda uch nafar 18 yoshli yigit cho‘kib ketdi

Ulardan 2 nafarining jasadi topilgan bo‘lib, yana birining jasadini qidirish ishlari davom etmoqda.

custom img

Qarshi hokimi o‘rinbosari xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgani uchun 41 mln so‘m jarimaga tortildi

Tekshiruv natijasida Nurbek Turdiyev tomonidan xodimlar majburiy mehnatga jalb qilingani tasdiqlandi.

custom img

Fitch “O‘zbekgidroenergo” reyting prognozini “Ijobiy”ga oshirdi

Kompaniyaning uzoq muddatli xalqaro kredit reytingi “BB” darajasida tasdiqlandi.

custom img

"O‘tkan kunlar" izidan: Marg‘ilondagi Otabek va Kumush uyiga sayohat

"O'tkan kunlar" ni o'qigan odam borki, albatta Marg'ilonni ko'rishni istaydi. O'zbekiston Turizm qo'mitasi tomonidan 6-8-iyun kunlari Farg'ona shahriga press-tur tashkil qilindi. ushbu press_tur doirasida Zamon.uz muxbiri MArg'ilonda yangi ochilgan Marg'ilon cityga tashrif buyurdi. Va "Otabek Kumush" uy muzeyidan fotoreportaj tayyorladi.

custom img

Sirdaryoda hokimlik xodimi 50 ming dollar pora bilan ushlandi

Mansabdor fuqaroning ishonchiga kirib, davlat zaxirasidagi yer maydonini ajratib berishni va’da qilgan.

custom img

Narkolaboratoriya tashkil etganlar 10 yilgacha qamaladi

Giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasiga homiylik qilganlar 8 yilgacha qamalishi mumkin.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"