Yangi jazolar: mast holda takroran rulga o‘tirganlar 2 yilgacha qamalishi mumkin
Noqonuniy poyga, drift, xavfli manyovr va yo‘l bezoriligi uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Senat mast holda avtomobilni takroran boshqarish, voyaga yetmaganlarga rulni topshirish, tezlikni keskin oshirish va yo‘l bezoriligi uchun jazolarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
Senatning 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan 21-yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan qonunga muvofiq, Jinoyat kodeksining 261¹-moddasiga o‘zgartirish kiritilmoqda. Unga ko‘ra, mast holda transport vositasini takroran boshqarganlik uchun bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yilda mast holda avtomobil boshqarish bilan bog‘liq 11 994 ta, 2025-yilda esa 13 521 ta huquqbuzarlik aniqlangan.
Shuningdek, Jinoyat kodeksiga yangi 261³-modda kiritilmoqda. Unga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxsga avtomobil boshqarishni topshirish oqibatida o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir tan jarohati yetkazilsa, uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin. Agar bu harakat odam o‘limi yoki boshqa og‘ir oqibatlarga sabab bo‘lsa, uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilanmoqda.
Voyaga yetmaganga transport vositasini boshqarishni topshirganlik uchun 50 BHM miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi ham nazarda tutilgan. 2025-yilda 14 yosh va undan kichik yoshdagi shaxslar ishtirokida 168 ta YTH sodir bo‘lgan.
Tezlikni oshirganlik uchun jarimalar
Qonunga ko‘ra, belgilangan tezlikni:
-
soatiga 40 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 25 BHMgacha;
-
soatiga 60 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 45 BHMgacha;
-
soatiga 80 kilometrdan ortiq oshirganlik uchun 65 BHM jarima va haydovchilik huquqidan olti oyga mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.
2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida tezlikni soatiga 40–60 kilometrga oshirish bilan bog‘liq 19 719 ta huquqbuzarlik qayd etilgan.
Bundan tashqari, yo‘l bezoriligi, noqonuniy avtomobil poygalari, xavfli manyovrlar, drift va boshqa harakat ishtirokchilariga qasddan to‘sqinlik qilish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. 2025-yilda yo‘l bezoriligi bilan bog‘liq 604 ta, 2026-yilning dastlabki to‘qqiz oyida esa 572 ta huquqbuzarlik aniqlangan.
Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun yo‘llarda xavfli qoidabuzarliklarning oldini olish, haydovchilar mas’uliyatini oshirish va insonlar hayotini asrashga qaratilgan.








