Attraksionda baxtsiz hodisa yuz bersa, zarar qoplanadi: yangi tartib joriy etildi
O‘zbekistonda attraksionlar xavfsizligi ustidan nazorat kuchaytiriladi.

Vazirlar Mahkamasi 2026-yil 25-noyabrda attraksionlar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan 645-sonli qarorni qabul qildi. Hujjat bilan ko‘ngilochar bog‘lardagi attraksionlar xavfsizligini ta’minlash va ulardan foydalanish tartibini takomillashtirish belgilandi.
Qarorga muvofiq, attraksionlarning xavfsizlik talablariga muvofiqligini baholash tizimi joriy etiladi. Bu yo‘nalishda “Sanoat xavfsizligi” davlat muassasasi vakolatli tashkilot sifatida akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Shuningdek, attraksionlardan foydalanish uchun ruxsatnoma berishning majburiy sharti sifatida ularning davriy texnik tekshiruvdan o‘tishi belgilanmoqda. Attraksionlarni import qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, ulardan foydalanishga ruxsat berish hamda texnik holatini monitoring qilish jarayonlari ham tizimlashtiriladi.
Hujjatda fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash kafolatlarini kuchaytirish ham nazarda tutilgan. Buning uchun turistik obyektlar operatorlari fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tizimiga o‘tkaziladi.
Bundan tashqari, istirohat bog‘lari operatorlari uchun Kasb-hunar ta’limi agentligining texnik maktablarida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi.
Qaror Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasida 2026-yil 26-noyabrda e’lon qilingan va shu kundan kuchga kirgan.








